Poytaxtimizda “O‘zbekiston madaniy merosi - Yangi Renessans poydevori" mavzusidagi V Xalqaro kongress boshlandi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilgan ushbu kongress ishida ko‘plab mahalliy va xorijlik olimlar, arxeologlar, san’atshunoslar, manbashunos, muzeyshunoslar, noshirlik va kutubxona ishi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbir Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi doirasida bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, professor, yuridik fanlari doktori, O‘zbekiston madaniy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tahririyat kengashi raisi, Ilmiy kengashi a’zosi Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston madaniy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduholiqov va boshqalar ushbu kongress Vatanimiz istiqlolining 30 yilligi keng nishonlanayotgan, jonajon diyorimizning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yilgan shunday shukuhli kunlarda o‘tkazilayotganida katta ramziy ma’no borligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda boshlab berilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda milliy taraqqiyot, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yangi O‘zbekistonimiz asoslarini yaratishda erkin, obod, farovon, insonparvar, xalqchil tamoyillarga asoslanishi, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro do‘stlik asosida hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yishdek jihatlarga asosiy e’tibor berilmoqda.

Azaldan ilm-fanga beshik bo‘lgan O‘zbekiston zamini 9-12 asrlarda birinchi ma’rifiy Uyg‘onish davriga Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy, imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturudiy kabi buyuk alloma ajdodlarimizning tengsiz zakosi bilan yuz tutdi.
Davlat yuritishdagi va siyosatdagi yangiliklar ilm-fan kishilarini ezgu g‘oyalar tevaragida birlashtirdi, turli fanlarga, ayniqsa matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziyaga qiziqish kuchaydi va dunyo tuzilishi haqidagi zamonaviy nazariyalarga aynan o‘sha davrda asos solindi.
Olimlarning fikricha, ikkinchi Renessans nafaqat mintaqamizda, balki juda katta jo‘g‘rofiy hududlarda siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan ulug‘ bobomiz, sohibqiron Amir Temur nomi bilan chambarchas bog‘liq. U zot tufayli qudratli markaziy boshqaruvga asoslangan davlat va yangi madaniy-ilmiy yuksalish uchun qulay vaziyat yuzaga keldi. Amir Temur o‘z bepoyon saltanatining katta shaharlariga turli hududlardagi iste’dodli olimlar, shoirlar, hunarmandlar, me’morlarni jamladi va ilmi-fan taraqqiyoti uchun kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Bunday oqilona siyosat mamlakatning ilmiy va madaniy qudratini kuchaytirdi. Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Buyuk alloma bobolarimizning ezgulikka yo‘g‘rilgan asarlari dunyo ahlida tobora katta qiziqish uyg‘ota boshladi.
Zero, “Ziyo Sharqdan” ekanini butun jahon olimlari o‘z asarlarida doim e’tirof etib kelishi bejiz emas! Sharq olamining Renessansi G‘arbiy Yevropa taraqqiyotiga ham benazir ta’sir ko‘rsatgani ayni tarixiy haqiqatdir. Sharq olimlarining asarlari lotin yoki ispan tiliga tarjima etilib, olis yurtlarda mukammal tadqiq etilgani manbalardan yaxshi ma’lum.
Tadbirda qayd etilganidek, YUNESKO tomonidan Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixiga bag‘ishlangan kitob olti jildda nashr etildi. bugungi yangilanayotgan O‘zbekistonning Uchinchi Renessans bosqichida mamlakatimizda ta’lim, madaniyat, san’at, ilm-fan rivojiga oid ko‘plab dasturlar, farmon va qarorlar qabul qilinayotir.
Madaniy merosni o‘rganishga doir tashkil etilgan ushbu kongress ham ayni sohadagi yuksak e’tiborning amaldiy natijasi ekanini xorijlik ishtirokchilar alohida e’tirof etdi. Bu jihatlar YUNESKOning O‘zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Aleksandros Makarigakis, Avstriyaning “Mueller&Schindler” nashriyot uyi rahbari Sharlotta Kramer, Rossiya Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, tarix fanlari doktori, Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova va boshqa ishtirokchilarning chiqishlarida takror-takror e’tirof etildi.

Ayni paytda bebaho milliy merosimizni o‘rganish taraqqiyotning yangi pallasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bebaho boyliklarimizni o‘rganish, ularning xorijdagi qismini mamlakatimizga qaytarish, chop etish, mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga faol hissa qo‘shib kelmoqda. Mazkur jamoat tuzilmasi tarkibiga jahonning ko‘plab davlatlarining 600 dan ortiq olimlari, ekspertlar, sharqshunoslar, muzeyshunoslar, san’atshunoslari kiradi.
Xalqaro tuzilma tomonidan hozirga qadar “O‘zbekistonning madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” deb nomlangan kitob-albomning 35 tasi nashr etilgan bo‘lsa, bo‘lib o‘tayotgan xalqaro kongress kunlarida shunday nashrning yana 15 tasining taqdimoti o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda mamlakatimiz me’moriy obidalaridagi qadimiy yozuvlarni o‘rganish, ular asosida ilmiy asarlar chop etish borasida ham samarali izlanishlar olib borilgani e’tiborga molikdir. Ikki kunlik kongress davomida bu boradagi ishlar atroflicha muhokama etiladi. Milliy madaniy merosimizni o‘rganishning yangi istiqbollari belgilab olinadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA