Jahon yulduzi Roberto Karlos Toshkentda
Braziliyalik jahon chempioni poytaxtimizdagi bir kunlik tashrifi davomida bir qator dasturlarda ishtirok etishga ulgurmoqda
Braziliyalik jahon chempioni poytaxtimizdagi bir kunlik tashrifi davomida bir qator dasturlarda ishtirok etishga ulgurmoqda
Jahon futboli yulduzi Roberto Karlos Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportida katta tantana bilan kutib olindi. Mezbonlar tomonidan uning bir kunlik tashrifi davomida bir qator tadbirlarda ishtirok etish dasturi ishlab chiqilgandi. Tabiiyki, dasturlar zich edi.

“Real“ klubining sobiq aʼzosi dastlab Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unga oʻzbekona urf-odatimizga koʻra milliy toʻn va doʻppi sovgʻa qilindi. OʻFA mutasaddilari va mehmonlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan qisqa, lekin mazmunli suhbatdan soʻng braziliyalik yulduz OʻFAning sunʼiy maydonida yosh futbolchilar uchun master-klass oʻtkazdi. U Toshkent shahar va viloyati atrofidan kelgan bolajonlar uchun mahorat darslarini namoyish qildi. Yosh bolajonlar jahon yulduzi bilan bir maydonda toʻp surish imkoniyatiga ega boʻlganliklaridan shod edilar.Hammadan ham, futbol yulduzi qoʻlidan maxsus sovgʻalarni qabul qilish Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari oʻrtasidagi Jahon chempionati gʻolibi boʻlgan bolajonlar va boshqa futbol maktablari tarbiyalanuvchilari uchun unutilmas voqelikka aylangan boʻlsa ne ajab.

Master-klass namoyishi yosh futbolchilardan soʻng kattalar orasiga koʻchdi. Futzal uchun barpo etilgan kichik maydonda Roberto Karlos oʻzbek futboli va futzali yulduzlari bilan birga toʻp surganini kuzatish yoqimli edi, albatta. Maydonda futbolimizning yaqin oʻtmishdagi yetakchilari, endilikda esa faxriylar qatorida yoshlarga oʻz tajribalarini oʻrgatayotgan Azamat Abduraimov, Shuhrat Maqsudov, Viktor Karpenko, Zayniddin Tojiyev, Eldor Magdeyev, Bahodir Ahmedov, Rustam Umarov, Aleksandr Xvostunov, Aleksey Roshchin kabi futbolchilar saf tortishdi. Karlos “Paxtakor“ va Oʻzbekiston terma jamoasining faxriylaridan iborat jamoalar tarkibida bir boʻlimdan harakat qildi va tabiiyki, bitta gol urishga ulgurdi ham. Uchrashuv Oʻzbekiston terma jamoasi faxriylarining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakuniga yetdi.

Jahon futboli yulduzining Toshkentdagi tashrifi boʻyicha dasturlar davom etadi. Dasturga muvofiq Roberto Karlos A.P.Xlebushkina nomidagi Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, u yerdagi tarbiyalanuvchilar bilan uchrashadi va ularga ham sovgʻalar taqdim qiladi. Soat 16:00da esa Milliy olimpiya qoʻmitasida Roberto Karlos bilan matbuot anjumani tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun:
Roberto Karlos - 1973 yilning 10 aprelida San-Paulu shtatining Garsa shahrida, kambagʻal oilasida dunyoga kelgan. Uch opadan keyin tugʻilgan yagona oʻgʻilga ota havas bilan qoʻshiqchi Roberto Karlos Bragining ismini qoʻyadi. Roberto uch yoshligidanoq futbolga mehr qoʻyadi, toʻp tepishga qiziqadi. Sakkiz yoshga yetganida esa oʻzidan kattalarga qoʻshilgan holda otasi boshqargan havaskor jamoaning vakiliga aylanadi.

1981 yili Karloslar oilasi Garsadan Kordeyropolis shahriga koʻchib oʻtadi. Roberto shu yerda ilk bor maktabga qatnay boshlaydi. 12 yoshga toʻlganida maktab va futboldan tashqari mahalliy toʻqimachilik zavodiga ishga kiradi. Shu yerda ishlash bilan birga zavodning “Atletiko Juventus” jamoasida toʻp suradi. Bu holat ikki yarim yil davom etadi. 1987 yilning iyun oyi. Zavod ishchilaridan iborat futbol jamoasining oʻyinidan birini “Unian San-Juan” seleksioner murabbiyi Adailton Ladeyra kuzatadi va isteʼdodli futbolchiga koʻzi tushadi. Koʻp oʻtmay “skaut” Robertoni oʻzi bilan professional klubga olib borib, koʻrikdan oʻtkazish uchun uning ota-onasi va tashkilot rahbarlarini koʻndiradi. Shu tariqa 1988 yili u ilk bor “Unian San-Juan” klubi koʻrigidan oʻtadi va professional faoliyatini boshlaydi...

Oʻynagan klublari:
“Palmeyras” 1993-1995
“Internatsional” 1995-1996
“Real” Madrid 1996-2007
“Fenerbaxche” 2007-2010
“Korintians” 2010-2011
“Anji” 2011-2012
“Deli Daynamos” 2015

Erishgan muvaffaqiyatlari:
Klublarda:
Braziliya chempioni (2): 1993, 1994
Rio-San-Paulu turniri gʻolibi: 1993
San-Paulu shtati chempioni (2): 1993, 1994
Ispaniya chempion (4): 1997, 2001, 2003, 2007
Ispaniya Superkubogi sohibi (3): 1997, 2001, 2003
UYEFA Chempionlar ligasi gʻolibi (3): 1998, 2000, 2002
UYEFA Superkubogi sohibi: 2002
Qitʼalararo Kubok sohibi (2): 1998, 2002
Turkiya Superkubogi sohibi (2): 2007, 2009

Terma jamoada:
Jahon chempioni: 2002
Amerika kubogi sohibi (2): 1997, 1999
Konfederatsiya Kubogi sohibi: 1997
Jahon chempionati kumush medali sohibi: 1998
Olimpiada oʻyinlarining bronza medali sohibi: 1996

Shaxsiy yutuqlari:
UYEFA talqini boʻyicha Yevropaning eng yaxshi himoyachisi (2): 2001/02, 2002/03
“France Football” talqini boʻyicha Yevropaning eng yaxshi ikkinchi futbolchisi: 2002
FIFA talqini boʻyicha Jahonning eng yaxshi ikkinchi futbolchisi: 1997
Italiya chempionatining eng yaxshi himoyachisi: 1996
Braziliya chempionatining eng yaxshi himoyachisi: 2010
Braziliyaning “Kumush toʻp” sohibi (3): 1993, 1994, 2010
UYEFAning ramziy terma jamoasi aʼzosi (2): 2002, 2003
Braziliya ramziy terma jamoasi aʼzosi: 2010
FIFAning eng yaxshi 100lik roʻyxati vakili
Turkiyaning eng yaxshi murabbiyi: 2013/14
World Soccer talqini boʻyicha XX asrning eng buyuklari roʻyxati aʼzosi.


