Antarktika dengiz muzlari miqdori kuzatuv olib borilayotgandan buyon eng quyi darajasiga pasaygan, Yevropaning ayrim muzliklari juda tez eriy boshlagan. 2015-2022 yillar meteoma’lumotlar e’lon qilib borilgan davrning eng issiq yillari bo‘ldi, deyiladi Jahon meteorologiya tashkiloti e’lon qilgan ma’ruzada.
Muzliklar erishi va dengiz sathining ko‘tarilishi 2022 yilda rekord darajada tezlashgan. Bu jarayon yana ming yil davom etadi.
«Is gazi havoga tarqalishi ortib boraveradi, iqlim o‘zgarishda davom etib, sayyoramiz aholisining noqulay ob-havo va iqlim hodisalaridan ko‘rayotgan zarari tobora jiddiylashib boradi», — deydi tashkilot bosh kotibi Petteri Taalas.
Hisobotga ko‘ra, 2022 yilda xavfli iqlim va ob-havo hodisalari aholining yangi ko‘chishlariga va 95 million kishining hayoti yomonlashuviga sabab bo‘ldi.
«Biz iqlim o‘zgarishiga qarshi tezkor choralar ko‘rishimiz, global haroratni Selsiy bo‘yicha 1,5 darajada ushlashga muvaffaq bo‘lishimiz kerak. Shuningdek, yangi iqlim sharoitiga moslashish va bardoshli bo‘lishimiz uchun keng ko‘lamli investitsiya zarur», — deb bayonot bergandi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘tgan juma kuni.