Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taqvimidagi muhim tadbirlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirga sanoqli kunlar qolmoqda.
Joriy yilning 21–23 iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Dunyo madaniyati va san’atining beshigi sanaladigan Parij shahridagi Eyfel minorasi yonida tashkil etiladigan mazkur nufuzli musobaqada 20 dan ortiq davlatning 100 nafarga yaqin eng kuchli kurashchilari ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan.

Mazkur nufuzli turnirda vakillarimizdan bir necha bor jahon va qit’a chempionligiga erishgan, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov, Sherali Jo‘rayev, Otabek To‘raboyev singari tajribali sportchilarimiz bilan bir qatorda, yosh kurashchilar ham gilamga chiqishga hozirlik ko‘rmoqda.
Bugun, 21 iyul kuni musobaqa oldidan hakamlar, texnik komissiya va tashkiliy qo‘mita yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda.
Ertaga, 22 iyul kuni turnir dasturiga muvofiq, Parijning qoq markazida sport va madaniyat bayrami uyushtirilib, unda o‘zbek san’ati, hunarmandchiligi va milliy taomlari, jozibali kuy-qo‘shiqlar keng jamoatchilikka namoyish etiladi.
Kun davomida kurash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 30 ming yevrodan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA