Jahon chempionatida yosh ushuchilarimiz 4 ta medalni qo‘lga kiritdi
Xitoyning Тяньцзи́нь shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan X jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari tarixiy natijaga erishdi.
Dunyoning 78 ta davlatidan 1100 nafardan ziyod yosh sportchilar qatnashgan murosasiz bellashuvlarda mamlakatimiz ushuchilari 4 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Chempionatda ushuning taolu va sanda yo‘nalishlarida umumiy hisobda 83 ta medallar jamlanmasi uchun bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Azizbek Turg‘unboyev -60 kilogramm vaznda dunyoning tengsiz sportchisi ekanini namoyish etib, oltin medalga egalik qildi. Uning sharafiga jahon chempionatida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, vatanimiz madhiyasi baralla yangradi.

Shuningdek, mahoratli ushuchilarimizdan Behruzbek Normatov -42 kilogramm og‘irlikda, Abdulloh Rahmonov -45 kilogrammda kumush medallarga ega chiqqan bo‘lsa, Sarvarbek Tohirov -52 kilogramm vazn toifasida jahon birinchiligining bronza medali sohibi bo‘ldi.
X jahon chempionatida mamlakatimiz sport sharafini ulug‘lagan terma jamoamiz a’zolari bugun, 31-mart kuni yurtimizga qaytib keladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA