Jahon chempionatida sovrindor bo‘lgan sport akrobatchilarimiz - Toshkentda
Italiyaning Pezaro shahrida sport akrobatikasi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Dunyoning eng kuchli akrobatchilari qatnashgan chempionatning saralash musobaqalarida muvaffaqiyatga erishgan Azizbek Saparboyev, Hikmatillo Ibrohimov, Anvarjon G‘ofurov va Ikromjon Nosirovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari to‘rtlik musobaqasi finalida Yevropa jamoalari bilan kuch sinashdi.

Mashqlarni to‘g‘ri va aniq bajarishda o‘z iste’dodini namoyish etgan terma jamoamiz a’zolari hakamlarning baholashiga ko‘ra, bronza medallariga munosib ko‘rildi.

Bugun, 28-sentabr kuni erta tongda Yevropa sport maydonlarida sovrindorlikka erishgan sportchilarimiz poytaxt aeroportida O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi hamda Gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi a’zolari tomonidan tantanali kutib olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA