Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan gandbolchi qizlarimiz Xitoy bilan kuch sinashadi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida gandbol bo‘yicha U16 yosh toifasida tashkil etilgan qit’a chempionati yarim final o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy terma jamoalari jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Ilk bor tashkil etilgan chempionatda Xitoy, Hongkong, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston qizlar jamoalari bahs olib bordi.

Osiyo chempionatining ortda qolgan yarim final bahslarida o‘zbekistonlik gandbolchi qizlar Qozog‘iston jamoasini, Xitoy Eron terma jamoasini mag‘lub etib, finalda ro‘baro‘ kelish bilan birga jahon chempionati chiptalariga ega chiqdi.
Hamyurtlarimiz qozog‘istonlik gandbolchilarga qarshi kechgan murosasiz va shiddatli o‘yinda raqiblarini 34:32 hisobida mag‘lub etdi.

Aytish lozim, O‘zbekiston qizlar jamoasi yarim final o‘yinlariga qadar Eron, Qirg‘iziston va Hongkong jamoalarini dog‘da qoldirdi.

Endi 18-may kuni Osiyo chempionati finalida Xitoy va O‘zbekiston terma jamoasi, 3-4 o‘rin uchun kechadigan bahsda Qozog‘iston va Eron jamoalari bahs olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA