Qozog‘istonning Ostona shahrida para dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ana shunday tarixiy natija qayd etgan muzaffar para dzyudochilarimizni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va turli sport jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sportchilarning oila a’zolari ishtirok etdi. Tadbirda ishtirok etgan mutasaddilar para sportchilarimizni nufuzli musobaqadagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklab, kelgusi faoliyatlariga omad tiladilar.
Dunyo birinchiligida 37 mamlakatdan jami 220 nafar para dzyudochi ishtirok etdi. Unda vakillarimiz J1 va J2 toifasida shohsupaga ko‘tarildi.
Jumladan, vazni -60 kg. bo‘lgan Uljon Amriyeva J1 toifasidagi bahslarning barchasida g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan Uljon Amriyeva jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan tarixdagi birinchi o‘zbekistonlik ko‘zi ojiz para dzyudochiga aylandi.
Shuningdek, -64 kg. vazndagi dzyudochilar orasida Kemran Nurillayev (J2) ham delegatsiyamiz hisobiga oltin medal keltirgan bo‘lsa, finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Sherzod Namozov (-64 kg. J2) va Davurxon Karomatov (-95 kg. J2) kumush medal bilan taqdirlandi. Mohinur Farmonova (+70 kg. J2) bronza medaliga ega chiqdi.
– Bu galgi jahon chempionati delegatsiyamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Ayniqsa, men uchun. Musobaqaning J1 tasnifida o‘tgan bellashuvlarda g‘olib chiqqan holda o‘z yo‘nalishim bo‘yicha mamlakatimiz xotin-qizlari orasida ilk jahon chempioniga aylandim, – deydi Uljon Amriyeva. – Mazkur muvaffaqiyatlar zamirida biz para sportchilarga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan ulkan e’tibor yotibdi. Har bir musobaqa oldidan puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, shuningdek, ushbu tayyorgarlik jarayonlarida bizga barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Kelgusida bundanda ulkan yutuqlarga erishish uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA