Xabaringiz bor kuni kecha Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu turdan so‘ng “A”, “B” va “C” guruhlarida ikki uchrashuv yakunlariga ko‘ra kuchli terma jamoalar saralana boshladi.
Ikkinchi turdan so‘ng barcha guruhlardagi vaziyat haqida ma’lumot berib o‘tishni lozim ko‘rdik.

Dastlab “A” guruhida qayd etilgan natijalarga e’tibor qaratsak. Bishkek shahridagi «Dolen Omurzakov» stadionida tashkil etilgan Qirg‘iziston va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 2:3 hisobida yakunlandi.
Qirg‘iziston terma jamoasi ikki turda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, ushbu jamoa guruhdagi ikki favorit O‘zbekiston va Eronga qarshi o‘yinlarda sifatli o‘yin namoyish etganini e’tirof etish lozim. Biroq, futbol qoidalarida yaxshi o‘yin namoyish etishning o‘zigina keyingi bosqichga o‘tish imkonini bermaydi. Unda faqat g‘alaba qozonish ahamiyatli.

Osiyo qit’asining amaldagi chempioni Qatarning saralash bahslari avvalida guruhdan chiqish imkoniyatlari yuqori baholanayotgan edi. Ammo bu jamoa ikki turda bor yo‘g‘i bir ochko jamg‘ardi. Dastlabki turdagi mag‘lubiyat alamini olish maqsadida maydonga tushishi kutilgan Qatar kutilmaganda safarda KXDR bilan 2:2 hisobida durangga imzo chekdi.

O‘zbek futbol muxlislari bu natijadan quvonayotgan bir paytda BAA o‘z maydonida Eronga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va terma jamoamiz uchun kutilgan natija qayd etildi. Uchrashuvdagi yagona gol birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Mehdi Gayedi tomonidan kiritildi.
Ushbu natijalardan so‘ng O‘zbekiston va Eron 6 ochko jamg‘argan holda guruhning birinchi va ikkinchi o‘rnidan joy oldi. BAA esa 3 ochko bilan uchinchi pog‘onada qoldi. KXDR va Qatar termalari 1 ochko jamg‘arib, 4-5-o‘ringa joylashgan bo‘lsa, Qirg‘iziston terma jamoasi ikki mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada bormoqda.

“B” guruhida ham navbatdagi bosqichga chiqish uchun Janubiy Koreya, Iordaniya va Iroq asosiy da’vogarlar qatorida bormoqda.
Mazkur guruhdagi ikkinchi turda Iordaniya 3:1 hisobida Falastindan ustun kelgan bo‘lsa, xuddi shu hisobda Janubiy Koreya safarda O‘monni dog‘da qoldirdi. Iroq va Quvayt termalari bahsida hisob ochilmadi.

Ushbu natijalardan so‘ng, Iordaniya, Janubiy Koreya va Iroq 4 ochko jamg‘argan holda kuchli uchlikka joylashdi. Ikki turda durang o‘ynagan Quvayt 4, Falastin esa 1 ochko bilan 5-pog‘onadan o‘rin oldi. O‘mon esa hali birorta ham ochko to‘play olmadi.
“C” guruhida yaqqol favorit kutilganidek Yaponiya terma jamoasi bo‘ldi. Ushbu jamoa bu turda ham yirik g‘alabaga erishdi. Aniqrog‘i, birinchi turda o‘z maydonida Xitoyni 7:0 hisobida taslim qilgan “samuraylar”, bu gal safarda Bahraynni 5:0 hisobida yengdi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni ham safarda Xitoy ustidan 2:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Indoneziya va Avstraliya uchrashuvi 0:0 hisobida yakunlandi.
Ayni vaqtda Yaponiya 6 ochko bilan guruhda karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni 4 ochko bilan uning ortidan bormoqda. Bahrayn termasi 3 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. Indoneziya 2 ochko jamg‘arib, 4-pog‘onani egalladi. Avstraliya hisobida bir ochko mavjud va ushbu jamoa 5-o‘rindan joy olgan. Xitoy jamoasida ochko yo‘q.
Jahon chempionati 3-saralash bosqichining navbatdagi turi 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi o‘yinlar o‘tkaziladi:
“A”: O‘zbekiston – Eron, Qatar – Qirg‘iziston, BAA – KXDR;
“B”: Iordaniya – Janubiy Koreya, O‘mon – Quvayt, Iroq – Falastin;
“C”: Saudiya Arabistoni – Yaponiya, Avstraliya – Xitoy, Bahrayn – Indoneziya.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA