Jahon chempionati: Ispaniya, Fransiya va Kabo-Verde va yana ikki jamoa pley-offda!
XXIII Jahon chempionati pley-off bosqichining navbatdagi qatnashchilari ma’lum bo‘ldi.
Futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatining “G”, “H” va “I” guruhlarida guruh bosqichining so‘nggi tur uchrashuvlari yakunlandi. Natijada pley-off bosqichining navbatdagi ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ldi.
Dastlab, “I” guruhida Fransiya terma jamoasi Norvegiyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Fransuzlar safida Usmon Dembele xet-trik qayd etgan bo‘lsa, yana bir golga Dezire Due mualliflik qildi. Norvegiyaning yagona golini Telo Asgard kiritdi. Uchrashuvning 50-daqiqasida Norvegiya penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Biroq, Larsenning zarbasini Fransiya darvozaboni Mayk Menyan qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa, Fransiya 9 ochko bilan guruh g‘olibi sifatida, Norvegiya esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Guruhning yana bir uchrashuvida Senegal Iroqni yirik — 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Gollarga Xabi Diarra, Ismoil Sarr, Pape Guye (dubl) va Iliman Ndiaye mualliflik qildi. Ushbu g‘alabadan keyin Senegal 3 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinni egalladi va eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Iroq terma jamoasi esa uchrashuvlarni ochkosiz yakunlab, musobaqani tark etdi.

“H” guruhida Ispaniya terma jamoasi Urugvay ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi hamda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdagi yagona golni 42-daqiqada Aleks Baena kiritdi. Uning zarbasini Urugvay darvozaboni Fernando Muslera qaytarib qola olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishida Muslera o‘rniga Serxio Rochet maydonga tushirildi. Urugvaylik Agustin Kanobbio esa qo‘shimcha vaqtning 5-daqiqasida qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.
Guruhning ikkinchi o‘rnini Kabo-Verde egalladi. Afrika vakili uchala uchrashuvini ham durang bilan yakunladi. So‘nggi turda jamoa Saudiya Arabistoni bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Shu tariqa, Kabo-Verde o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Darvoqe, Urugvay va Saudiya Arabistoni terma jamoalari 2 tadan ochko to‘plab, musobaqa bilan xayrlashdi.

“G” guruhining 3-tur uchrashuvlari yakunlanib, mazkur kvartetdan pley-off bosqichiga yo‘l olgan jamoalar nomi aniqlandi.
Belgiya terma jamoasi Yangi Zelandiyani 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu bahsda Leandro Trossard dubl muallifi bo‘lgan bo‘lsa, Kevin De Bryoyne, Aleksis Salemakers va Romelu Lukaku ham nomini tabloga muhrladi. Yangi Zelandiyaning yagona goliga Elayja Jast mualliflik qildi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Eron va Misr terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvda dastlab Mahmud Sobir hisobni ochgan bo‘lsa, 14-daqiqada Ramin Rizoyan javob golini kiritib, muvozanatni tikladi.
Shu tariqa, Belgiya va Misr 5 ochkodan jamg‘arib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Eron 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Yangi Zelandiya 1 ochko bilan musobaqani tark etdi.
Ayni paytda, Eron terma jamoasi eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA