Polshada davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining yarim final janglari bo‘lib o‘tdi.
Unda vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida o‘tgan yarim final bahsida hamyurtimiz Shahzod Muzaffarov ukrainalik Ruslan Sikaloga qarshi jang qildi va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. 81 kilogrammgacha vaznda Shohjahon Abdullayev Chernogoriya vakili Piter Lijesevichdan ustun kelib, oltin medal uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Shuningdek, Jahongir Zokirov, Nigina O‘ktamova hamda Mohinabonu Abdullayeva o‘z vazn toifalarida g‘alaba qozonib, chempionatning so‘nggi hal qiluvchi bosqichiga yo‘l oldi.
Jahon chempionatining yarim finalida biroz omad yetishmagan Dilfuza Bekova, Sitora Turdibekova, Sohiba Ro‘zmetova, Hadichabonu Abdullayeva, A’loxon Abdullayev kabi bokschilarimiz bronza medali bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA