Jahon chempionati chorak final ishtirokchisi G‘anisher Xolmurodov qayerda?
2011-yili o‘smirlar terma jamoamizning Meksikada o‘tgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib borib, dunyo futbol ommasining e’tiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yo‘q.
2011-yili o‘smirlar terma jamoamizning Meksikada o‘tgan Jahon chempionatida chorak finalga qadar yetib borib, dunyo futbol ommasining e’tiboriga tushgan davrni hali hech kim unutganicha yo‘q.
Terma jamoamiz darvozasini qo‘riqlagan G‘anisher Xolmurodovning mahorati va shijoatiga hamma tan bergandi o‘shanda. Lekin ma’lum vaqt o‘tgach, G‘anisher futbol olamida ko‘rinmay qoldi. Vaholanki, uning futboldagi kelajagiga ko‘pchilik umid qilgandi, milliy termamizga voris yetishib chiqayotganligidan mamnun edi.
2010-yili 16 yoshlilar o‘rtasida Osiyo chempionatining final bosqichi Toshkentda tashkil etildi. Aleksandr Yevstafeyev ustozligidagi termamiz musobaqaning final bosqichida hakamlarning qo‘pol xatolari evaziga KXDR termasiga mag‘lub bo‘lsa-da, Jahon chempionati yo‘llanmasini hal etib bo‘lgandi.

Oradan bir yil o‘tib, o‘smirlarimiz Meksikaga safar etishdi. O‘z guruhlarida AQSH (2:1), Chexiya (2:1) termalarini yengib, faqat Yangi Zelandiyaga (1:4) imkoniyatni boy bersalar-da, guruh g‘olibi sifatida nimchorak finalga chiqishdi. Bu bosqichda Avstraliya termasi ham o‘zbekistonliklar oldida “ip esholmadi” – yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi (0:4). Chorak finalda esa yosh futbolchilarimizga urugvayliklar raqiblik qilishdi.Afsuski, bu o‘yinda omad Urugvay termasiga nasib etdi (0:2). O‘z vatanlariga qaytgan o‘smirlarimiz izzat-ikrom bilan kutib olingan, har birlari avtomobil sovg‘alari bilan taqdirlangan edi.
Qahramonimiz G‘anisher Xolmurodov ham barcha futbolchilar kabi obro‘-hurmatga ega bo‘ldi. “Mash’al” futboli tarbiyalanuvchisi G‘anisher Jahon chempionatidan keyin ham faoliyatini shu jamoada davom ettirdi. 2013-yilning ikkinchi davrasidan “Metallurg” klubiga ijaraga berildi, 2015-yilgi mavsumni esa mamlakat birinchiligi ishtirokchisi “Alanga” jamoasida o‘tkazgach, harbiy xizmatga ketdi. Qaytdi, faqat futbolga emas, boshqa sohaga...

Xabaringiz bor, Qarshi shahrida plyaj futboli bo‘yicha O‘zbekiston Kubogi musobaqasi o‘tkazildi. Shu yerda G‘anisher Xolmurodovni uchratdik. U viloyat milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan iborat “Adolat” jamoasi sharafini himoya qilayotgan edi. Turgan gapki, unga bergan birinchi va so‘nggi savolimiz shunday bo‘ldi: “Futbolni nega tashladingiz”?
Uning javobi ham qisqa va tushunarli bo‘ldi: “Mash’al”da kamol topdim, obro‘ orttirdim. Barcha futbolchilar kabi omadimni boshqa, kuchliroq klublarda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Lekin klub menga ruxsat bermadi. Oxir-oqibat kasbimni o‘zgartirishni ixtiyor etdim. To‘g‘ri, kasbim o‘zgardi, lekin, mana ko‘rib turibsiz, futbolni tark etganim yo‘q, hamon maydondaman”.