Jahon chempionati-2026 hakamlari haqida batafsil
Yakuniy ro‘yxatdan 6 ta konfederatsiya va 50 ta a’zo uyushma sharafini himoya qiluvchi jami 170 nafar hakam o‘rin oldi.
Shu yilning 9-aprel kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) yozda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati bahslarini boshqarib boradigan hakamlar tarkibini e'lon qildi.
Yakuniy ro‘yxatdan 6 ta konfederatsiya va 50 ta a’zo uyushma sharafini himoya qiluvchi jami 170 nafar hakam o‘rin oldi. Shundan 52 nafari bosh hakam, 88 nafari qanot vakillari hamda 30 nafari video-yordamchi hakamlar (VAR) tizimi rasmiylaridir. FIFA matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur tarkib uch yildan ziyod davom etgan sinchkov saralash natijasi bo‘lib, bunda referilarning eng yuqori saviyadagi bahslardagi barqarorligi va mahorati asosiy mezon qilib olingan.
O‘zbek hakamlari jahon chempionatida!

Mamlakatimiz futboli uchun quvonarli yangilik — o‘zbekistonlik hakamlar brigadasining ham ushbu nufuzli ro‘yxatdan joy olgani bo‘ldi. Jumladan, yurtdoshimiz Ilgiz Tantashev JCh-2026da bosh hakam sifatida faoliyat yuritadi. Unga qanotlarda tajribali yordamchilar — Timur Gaynullin va Andrey Tsapenko hamrohlik qilishadi. Bu milliy terma jamoamizning ilk bor jahon birinchiligi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani fonida, o‘zbek hakamlik maktabining ham navbatdagi katta e’tirofi sifatida tarixga kirmoqda.
Geografik ustunlik va tajribali nomlar

An’anaga ko‘ra, qaydnomada Yevropa (UEFA — 15 nafar bosh hakam) va Janubiy Amerika (CONMEBOL — 12 nafar) vakillari yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Shimoliy va Markaziy Amerika (CONCACAF) qit’asidan 9 nafar, Osiyodan (AFC) 8 nafar va Afrikadan (CAF) 7 nafar referi turnirga jalb etilgan. Okeaniya (OFC) esa yagona vakil — yangi zelandiyalik Kempbell-Kirk Kavana-Vo bilan ishtirok etadi.
Hakamlar ro‘yxatida tajribali referilar talaygina. Oxirgi jahon chempionatining Argentina va Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvini boshqargan polshalik Shimon Marsinyak, shuningdek, ingliz hakami Maykl Oliver, fransiyalik Kleman Tyurpen hamda braziliyalik Vilton Sampayo kabi taniqli nomlar bo‘lajak mundialda ham ishlaydigan bo‘ldi.
Mundialda yangi tartib va qoidalar
Shuningdek, bo‘lajak JCh-2026 bahslarida Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) tomonidan tasdiqlangan bir qator yangiliklar amaliyotga tatbiq etiladi. Xususan, futbolchilar tomonidan vaqtni ataylab cho‘zish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘riladi va o‘yin tempini oshirishga e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, VAR tizimi protokoliga kiritilgan uchta muhim o‘zgartirish ham ilk bor ushbu turnirda sinovdan o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadigan va jami 104 ta uchrashuvdan iborat bo‘lgan JCh-2026 bahslari 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionati-2026 bosh hakamlari to'liq ro'yxati
AFC (Osiyo) — 8 nafar: Omar Al Ali (BAA), Abdurahmon Al-Jassim (Qatar), Xolid Al-Turais (Saudiya Arabistoni), Alireza Fag'oniy (Avstraliya), Ma Ning (Xitoy), Adham Maxadmeh (Iordaniya), Ilgiz Tantashev (O'zbekiston), Yusuke Araki (Yaponiya).
CAF (Afrika) — 7 nafar: Omar Abdulqodir Artan (Somali), Pyer Atcho (Gabon), Dahane Beyda (Mavritaniya), Mustafa G'orbal (Jazoir), Jalal Jayed (Marokash), Amin Omar (Misr), Abongile Tom (JAR).
CONCACAF (Shimoliy/Markaziy Amerika va Karib havzasi) — 9 nafar: Ivan Barton (Salvador), Xuan Gabriel Kalderon (Kosta-Rika), Ismoil Elfat (AQSh), Oshane Nation (Yamayka), Dryu Fisher (Kanada), Katiya Itsel Garsiya (Meksika), Said Martines (Gonduras), Tori Penso (AQSh), Sesar Arturo Ramos (Meksika).
CONMEBOL (Janubiy Amerika) — 12 nafar: Ramon Abatti (Braziliya), Xuan Gabriel Benites (Paragvay), Rafael Klaus (Braziliya), Yael Falkon (Argentina), Kristian Garay (Chili), Dario Herrera (Argentina), Kevin Ortega (Peru), Andres Roxas (Kolumbiya), Wilton Sampaio (Braziliya), Gustavo Texera (Urugvay), Fakundo Tello (Argentina), Xesus Valensuela (Venesuela).
OFC (Okeaniya) — 1 nafar: Campbell-Kirk Kawana-Waugh (Yangi Zelandiya).
UEFA (Yevropa) — 15 nafar: Espen Eskos (Norvegiya), Alexandro Hernandes Hernandes (Ispaniya), Ishtvan Kovach (Ruminiya), Fransua Leteksye (Fransiya), Denni Makkeli (Niderlandiya), Shimon Marsinyak (Polsha), Maurisio Mariani (Italiya), Glenn Nyberg (Shvetsiya), Maykl Oliver (Angliya), Joao Pinyeyro (Portugaliya), Sandro Sherer (Shveytsariya), Antoni Teylor (Angliya), Kleman Tюrpen (Fransiya), Slavko Vinchich (Sloveniya), Feliks Tsvayer (Germaniya).
Ushbu maqolani Abduburxon Mamajonov tayyorladi.