Jahon banki O‘zbekiston logistikasini yangi mezonlar asosida baholadi
O‘zbekistonda B2B pochta jo‘natmalarini yetkazib berish muddati 4,7 kunni tashkil etmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi eng yaxshi natija. Biroq, import yuklarining aeroportda bo‘lish muddati 5,2 kun ekani logistika zanjirida bojxona va nazorat jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Logistika sohasida endi an’anaviy so‘rovnomalar emas, real vaqtdagi raqamli ma’lumotlar asosida baholash tizimi qo‘llaniladi. O‘zbekistonning ayrim ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyoda yuqori natijalarni qayd etmoqda.
Jahon banki tomonidan logistika tizimining samaradorligini baholash bo‘yicha yangilangan — «Logistika samaradorligi ko‘rsatkichlari 2.0» (LPI 2.0) metodologiyasi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi ekspertlari yangi metodologiya asosida mamlakat logistika tizimi holatini tahlil qildi.
Yangi yondashuvning asosiy jihati shundaki, endi avvalgidek faqat so‘rovnomalarga asoslangan yagona indeksdan foydalanilmaydi. Logistika jarayonlarining samaradorligi real vaqt rejimida raqamli kuzatish ma’lumotlari asosida baholanadi. Bu esa yuklarni tashish, bojxonadan o‘tkazish, pochta va kurerlik xizmatlari, chegaradagi rasmiylashtiruv jarayonlari kabi yo‘nalishlardagi haqiqiy holatni yanada aniqroq baholash imkonini beradi.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar — LLDC (Landlocked Developing Countries) uchun yangi metodologiyada ularning geografik joylashuvi va transport-logistika tizimi xususiyatlarini hisobga oluvchi alohida baholash mezonlari belgilangan.
O‘zbekiston ham ushbu davlatlar qatoriga kiradi. Yangi metodologiya doirasida mamlakat uchun 10 ta ko‘rsatkich — 6 ta asosiy va 4 ta qo‘shimcha indikator belgilangan. Muhimi, LPI 2.0 metodologiyasi yangi ko‘rsatkichlarni mamlakatlar o‘rtasida oddiy reyting shaklida taqqoslashni tavsiya etmaydi. Shu sababli O‘zbekiston natijalari yetakchi davlatlar va asosiy hamkor mamlakatlar ko‘rsatkichlari bilan reyting o‘rni bo‘yicha emas, balki tegishli o‘lchov birliklarida tahlil qilingan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning ayrim logistika ko‘rsatkichlari e’tiborga molik. Jumladan, biznesdan biznesga (B2B) pochta jo‘natmalarini yetkazib berish muddati 4,7 kunni tashkil etmoqda. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekistonning B2C yo‘nalishida 82 ta mamlakat bilan pochta hamkorligi mavjud.

Jahon banki tahliliga ko‘ra, B2B jo‘natmalarni yetkazib berishda sarflanayotgan vaqtning katta qismi pochta jarayonlari hamda bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq. Shuning uchun ushbu jarayonlarni raqamlashtirish va soddalashtirish yetkazib berish muddatlarini yanada qisqartirishga xizmat qilishi mumkin.
O‘zbekistonda import qilinayotgan yuklarning aeroportda bo‘lish muddati 5,2 kunni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich Rossiyada 2,3 kun, Qozog‘istonda esa 3,5 kunni tashkil qiladi.
Ekspertlar tahliliga ko‘ra, import yuklarining aeroportda bo‘lish vaqti faqat aeroportning yuklarni qayta ishlash samaradorligiga bog‘liq emas. Umumiy vaqtning 55 foizidan ortig‘i bojxona, karantin, veterinariya, fitosanitariya va boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan nazorat tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, yuk oluvchilar va ularning vakillari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini o‘z vaqtida bajarish bilan bog‘liq. Demak, logistika jarayonini tezlashtirish uchun nafaqat transport infratuzilmasini, balki davlat nazorati va bojxona jarayonlarini ham raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni yo‘nalishda O‘zbekistonning aviayo‘llar orqali yuk tashish bo‘yicha 38 ta mamlakat bilan hamkorligi mavjud.
Konteynerning yetkazib berish punktida bo‘lish muddati O‘zbekistonda 1,2 kun yoki 28,8 soatni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich qo‘shni mamlakatlardagi natijalarga yaqin. Ekspertlarning fikricha, logistika jarayonlarida vaqtni tejash, birinchi navbatda, chegara va bojxona rasmiylashtiruvlarini tezlashtirish, elektron ma’lumot almashinuvini kengaytirish hamda turli idoralar o‘rtasidagi axborot tizimlarini integratsiya qilish bilan bog‘liq.
Jahon bankining yangi metodologiyasida dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, chegaradagi rasmiylashtiruvlarni tezlashtirish va real vaqt rejimida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalar sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston uchun ham bu yo‘nalishlar strategik ahamiyatga ega. Chunki mamlakatning geografik joylashuvi xalqaro savdo yo‘nalishlarida transport va logistika xarajatlari hamda vaqt omilining muhimligini yanada oshiradi. Umuman olganda, LPI 2.0 metodologiyasi O‘zbekiston logistika tizimining kuchli va takomillashtirish zarur bo‘lgan jihatlarini aniqroq ko‘rish imkonini beradi. Ayniqsa, pochta yetkazib berishdagi 4,7 kunlik natija Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri ekani sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish va modernizatsiya jarayonlarining samarasini ko‘rsatadi.
Biroq, aeroportlarda import yuklarining 5,2 kun saqlanishi kabi ko‘rsatkichlar bojxona va boshqa nazorat jarayonlarini yanada takomillashtirish, idoralararo elektron hamkorlikni kuchaytirish va logistika zanjirida ortiqcha vaqt sarfini qisqartirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu ma’noda, LPI 2.0 nafaqat logistika sohasining bugungi holatini baholash, balki O‘zbekistonning xalqaro transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimligini belgilashda ham muhim instrument bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA