Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha o‘rta muddatli prognozlarni yaxshiladi
Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyotining 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan o‘sish prognozlarini ijobiy tomonga qayta ko‘rib chiqdi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti o‘rta muddatli istiqbolda avval kutilganidan ham tezroq o‘sishi kutilmoqda.
Jahon bankining 8-aprel kuni e’lon qilingan hisobotida qayd etilishicha, 2026-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi bo‘yicha prognoz 0,4 foiz bandga oshirilib, 6,4 foiz etib belgilandi. 2027-yil uchun prognoz esa yanada yuqoriroq — 0,8 foiz bandga yaxshilanib, 6,7 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, 2025-yil yakuniga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha baho 1,5 foiz bandga oshirilib, 7,7 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich mintaqadagi davlatlar orasida eng sezilarli o‘sishlardan biri sifatida baholanmoqda. Undan yuqori natija faqat Qirg‘izistonda qayd etildi - 11 foiz.
Jahon banki tahlilchilari O‘zbekiston iqtisodiyotidagi ijobiy dinamikani qator omillar bilan izohlamoqda. Xususan, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, investitsion faollikning oshishi, aholi daromadlarining ko‘payishi, kreditlash hajmining kengayishi, tarkibiy iqtisodiy islohotlarning davom etishi kabilar.
Qayd etilishicha, mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmi ham sezilarli darajada oshgan. Xususan, o‘tgan yili pul o‘tkazmalari qariyb 37 foizga o‘sib, 18,9 milliard dollarni tashkil etgan. Bu YAIMning taxminan 13 foiziga teng bo‘lib, ularning 78 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, tahlilchilar iqtisodiyotda davlat ulushining yuqori ekani va davlat korxonalarining ustunligi xususiy sektor rivojlanishiga ma’lum darajada to‘siq bo‘lib qolayotganini ham qayd etmoqda.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasi Yevropa va Markaziy Osiyo hududidagi eng tez rivojlanayotgan submintaqa bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda mintaqada iqtisodiy o‘sish 5,8 foizdan 7 foizgacha tezlashgan. Bu so‘nggi 14 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mintaqadagi iqtisodiy o‘sishga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan. Real daromadlarning o‘sishi, pul o‘tkazmalari hajmining ortishi, iste’mol kreditlarining kengayishi ta’sir ko‘rsatgan.
Qozog‘istonda 2025-yilda YAIM o‘sishi 6,5 foizni tashkil etdi. Bu 2011-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bunda ichki talabning yuqoriligi, davlat investitsiyalari va neft qazib olish hajmining rekord darajada oshishi muhim rol o‘ynagan.
2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston (7,7 foiz), Qirg‘iziston (11,1 foiz) va Tojikiston (8,4 foiz) Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchligiga kirdi.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda ham ushbu mamlakatlar yetakchilikni saqlab qoladi. O‘zbekiston 6,4 foiz, Tojikiston 6,5 foiz, Qirg‘iziston 6,1 foiz, Qozog‘iston 4,6 foizni tashkil etgan.
Tahlilchilarning fikricha, Rossiya iqtisodiyotidagi o‘sishning sekinlashuvi Markaziy Osiyo mamlakatlariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq oltin narxlarining yuqoriligi va infratuzilmaga, ayniqsa transport va energetika sohalariga yirik investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Shunday qilib, Jahon banki prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rta muddatli istiqbolda barqaror o‘sishni saqlab qolishi va mintaqadagi yetakchi iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA