Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida Jahon banki delegatsiyasi a’zolari bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Jahon bankining Mahalliy ahamiyatdagi mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan “Toshkent — Andijon” pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik modeli asosida modernizatsiya qilish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyodagi transport amaliyoti bo‘yicha rahbari Shomik Radj Mendiratta va delegatsiyaning boshqa a’zolari bilan sohaga tegishli masalalarni ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, tadbir davomida milliy qonunchilik me’yorlariga tayangan holda hamkorlikning huquqiy hujjatlarini ishlab chiqish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun xususiy sektorning ulushini bosqichma-bosqich oshirish, bu bo‘yicha ayni vaqtda yaratilayotgan to‘rt bosqichli pilot loyiha xususida fikr almashildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA