Jahon banki bilan hamkorlik samaralari
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Delegatsiya vakillari Orolbo‘yiga tashrifi doirasida Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida Beruniy, Ellikqal’a, To‘rtko‘l tumanlariga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” loyihasi doirasida “Bo‘ston” kanalining Beruniy tumani hududida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Kanalning betonlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirib, quruvchilar bilan muloqotda bo‘ldi. Amalga oshirilayotgan ishlarning natijasi bilan qiziqdi. Delegatsiya rahbari shu yerda mahalliy aholi vakillari bilan ham suhbatlashdi.
Mehmonlar “Bo‘ston” kanalida Jahon banki ishtirokidagi loyiha asosida qurilib, yaqinda foydalanishga topshirilgan yirik gidrotexnik suv taqsimlovchi inshoot va kanalda amalga oshirilgan ishlarni borib ko‘rdi. Shu yerda suv xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlari ob’ektlarida kelgusi 5 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
[gallery-5068]
– Tashrifdan asosiy maqsad, Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarni joyiga borib o‘rganish va 2022-2026 yillarda O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqishdan iborat, – deydi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi rahbari Baxtiyor Kamolov. – Ushbu loyihalar asosida Jahon banki ishtirokida asosiy va ikkilamchi kanallarni rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, yer maydonlarini lazerli uskuna yordamida tekislash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish maqsadida bir qator tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. Tadbir davomida Suv xo‘jaligi vazirligining kelgusida amalga oshiriladigan loyihalari bo‘yicha ham taqdimotlar qilindi. Ushbu taqdimotlar orqali kelgusi 5 yilda Jahon banki bilan kamida 600 million dollar miqdordagi mablag‘larni jalb qilish va suv resurslarini boshqarishni yanada yaxshilash, takomillashtirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayapmiz.
Delegatsiya vakillari Beruniy tumanidagi “Qilchinoq” nasos stansiyasida ham bo‘ldi. Loyiha doirasida mazkur nasos agregatlari to‘xtatilishi natijasida hududga suv yetkazish uchun elektr energiyasiga sarflanayotgan xarajatlar qisqarishi ta’kidlandi. Shuningdek, Ellikqal’a tumanidagi “Doshqal’a ilg‘ori” fermer xo‘jaligi dalasida lazerli qurilma yordamida dala maydonlarini tekislash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari hamda fermerlar bilan ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha loyihalar yuzasidan muloqot olib borildi. Jahon banki ishtirokidagi loyiha asosida amalga oshirilgan va davom etayotgan ishlar bilan tanishish barobarida mas’ul quruvchilardan tashqari oddiy aholi vakillari bilan ham suhbat qilindi.
Delegatsiya rahbari muloqotlarda erishilgan natijalardan mamnunligini bildirib, kelgusida ham bu borada hamkorlikda ishlar davom etishini ma’lum qildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA