Jaholatga qarshi ma’rifat
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlodga sifatli ta’lim berish, o‘quvchi- yoshlarni yuksak ma’naviyatli qilib, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishining oldini olish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida muloqot va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G. Omonova, viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi vakili, mayor B.Abbosov, ma’naviyat targ‘ibotchilar guruhi a’zolari, hamkor tashkilotlar vakillari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, o‘quvchilari ishtirokida Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda maktablarda o‘quvchilar davomatini qat’iy nazoratga olish, o‘quvchi- yoshlar bilan ishlash tizimini yuqori bosqichga olib chiqish, yosh avlodni yot mafkuralardan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

–Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi ishlarni samarali tashkil etish yoshlar tarbiyasi, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulhayo Omonova. – Bunda har bir pedagog, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi.

Davra suhbatida qatnashchilar tomonidan mavzu doirasidagi ishlarni samarali olib borish, huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari kelib chiqishining oldini olish, umuman, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu boradagi ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish yuzasidan taklif, tavsiya, fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbirda "Tinchlik qadri" deb nomlangan videofilm namoyish etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari