Jaholatga qarshi ma’rifat
Buxoroda “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida respublikaning barcha viloyatlaridan tuman, shahar bosh imom-xatiblari qatnashmoqda.

G‘ijduvon tumanida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita maslahatchisi Ilhom Ma’rupov vatanni himoya etish, uni sevish va e’zozlash har bir insondan buyuk ma’naviy jasorat talab etishini ta’kidladi. Bugungi kunda globallashuvning shiddatli tus olishi dunyo miqyosida g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarning tobora avj olishiga zamin yaratmoqda. Mana shunday bir sharoitda tinchlik, barqarorlikni saqlashda ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz qayd etganidek: “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni, albatta, yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.

Navbatdagi uchrashuv Buxoro davlat universitetida xotin-qizlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

– Bir bolaning yutug‘i – butun yurtning yutug‘i, bir bolaning aybi – butun yurtning aybi, – dedi o‘z ma’ruzasida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakili Ilhom Ma’rupov. – Shunday ekan, har bir ona bolasini dunyoga keltirgach avvalo uni ma’rifatli, ilmli qilib tarbiyalashga e’tibor qaratmog‘i lozim. Ma’rifatli farzand tarbiyalash uchun esa ayollarning o‘zi zukko, ziyoli, ilmli bo‘lishi darkor.

Targ‘ibot tadbirlarida ana shunday g‘oyalar ilgari surilmoqda. Oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, er-xotin, qaynona-kelin va boshqa qarindoshchilik munosabatlarida sog‘lom muhitni shakllantirish, jaholat qurboni bo‘layotgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha shahar va tumanlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda, bozor va boshqa muassasalarda bir hafta davomida o‘tkaziladi.
Zarif Komilov, O‘zA