Jadidlik harakati asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi mangu qalbimizda
Har bir davrda millat ruhida yashab kelayotgan, eliga erk, hurriyat istagan jadidlar tarixi o‘chmas yolqin bo‘lib porlayveradi. Bu millat oydinlari tarixini, hayoti va faoliyatini o‘rganganimiz sari ular barhayot bo‘laveradi, yuraklarimizni bir chetini tirnayotgan armonlar qayta gavdalanadi. Ruhan tirik jadid ajdodlarimizning armonlari, avlodlarimiz tomirlarida oqayotgan ma’rifatparvarlarning dardli vasiyatlari, tillarda qotib qolgan Vatan hasratlari o‘ylardan kitoblarga, kitoblardan odamlarga ko‘chaveradi, ko‘chaveradi...

Mustamlaka oqibatida taraqqiyotdan ortda qolgan mamlakatni, ta’lim va maorifni isloh qilish, yangilash uchun bel bog‘lagan, “ehtiyoji millat” dardida “bu ketishning oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdir...” deya iztirob chekkan, jadidlik g‘oyasining asoschisi Behbudiy bizning baxtli bugunimizdan o‘zining qatl onlariga qadar umid uzmadi. Shu bois, uning butun umri, ijodiy faoliyati hamon yoshlarimizni milliy g‘oya ruhida tarbiyalashda chinakam tarixiy ibrat vazifasini o‘tamoqda. Bugungi kunda Mahmudxo‘ja Behbudiyning qutlug‘ nomi, ibratli hayoti va bebaho ijodi davlatimiz va xalqimizning yuksak e’tiborda.
Xususan, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasida muhim ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu qaror orqali ko‘zlagan ezgu maqsadlari mohiyatida ta’lim tizimi, xalqning bebaho qadriyatlari, o‘chmas madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi mutafakkirlarning hayoti va ijodini o‘rganish, ilmiy merosini tadqiq etish orqali taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar, yangi Renessans to‘lqini esayotgan bu zamin, bu millat aslini anglamoqlik vazifasi mujassamdir.
Shuningdek, qarorda belgilangan mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish hamda Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish, bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish vazifalari ijrosi orqali endilikda yoshlarimiz adibning milliy ozodlik harakati buyuk namoyandasi sifatida olib borgan ilg‘or harakati, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirish yo‘lida qilgan jasoratini har tomonlama chuqur o‘rganadi.
Chunki, har bir millatning milliy tarixi, qudrati, salohiyati va kelajagini bilmoq uchun uning adabiyoti va matbuotiga nigoh tashlansa bo‘ldi, tarix haqiqatlarini oina kabi namoyon etadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning ta’lim va tarbiyaga oid “Padarkush” drammasi (1911) hamda “Oq yelpog‘ichli chinli xotun”, “Bir a’mo bolaning hasrati” hikoyasi, “Kitobat al-atfol” kabi asarlari XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda zamonaviy ta’lim taraqqiyoti nechog‘liq muhim bo‘lganini yaqqol ifoda etadi.
Shu bilan birga qarorda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash, barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalarini tashkil qilish, zamonaviy raqamli va targ‘ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo‘ja Behbudiy asarlarini yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish masalalarining ilgari surilishi – ma’rifatparvar, vatanparvar bu kuchli siymoni xalq orasida, yosh avlod nigohida umuminsoniy madaniyatning jasoratli targ‘ibotchisi sifatida qayta gavdalantiradi.
Bu borada Farg‘ona davlat universiteti jamoasi ham Prezidentimizning jadidlik harakati namoyandalari tarixiy xotirasini abadiylashtirish, ular orzu qilgan tarixiy vazifalarni kelajak avlod qalbiga joylash va har bir inson vujudida “jadidlik” g‘oyalarini uyg‘otish xususidagi chaqiriqlariga javoban muhim chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, univesitetning filologiya fakultetida jadidlar ijodiga bag‘ishlangan “Zulmatdan nur qidirgan” kitobi nashr etilib, talaba-yoshlar ommasiga taqdim etildi. Adabiyotshunoslik kafedrasi professorlari tomonidan “Jadid adabiyoti tarixi” darsligi chop etildi. Ushbu qo‘llanmalarda Behbudiyning jadidchilik harakatlari asosli ravishda, ilmiy-nazariy jihatdan keng yoritib berilgan.
Talabalar ko‘z o‘ngida jadidlar davri ruhi va ziyo ahlining xalq oldidagi mas’uliyatini yanada yorqin gavdalantirish uchun fakultetda “Jadidlar o‘quv xonasi” tashkil etildi hamda unda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va ijodiga alohida o‘rin ajratildi. 2024 yilning aprel oyida oliygohda “Jadidlar adabiy merosining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi va unda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan jadidshunos olimlar ishtirok etdilar.
Shuningdek, bugungi kunda oliy ta’lim muassasasida ko‘plab professor-o‘qituvchilarimiz jadidlar tarixi, ularning ilmiy-ma’naviy merosi, harakatning eng buyuk vakili bo‘lgan Behbudiyning islohotparvar qarashlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Bunda universitetining “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi ularga eng muhim tarixiy, ilmiy muhit va qimmatli manbaalar maskani bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor
O‘zA