Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining navbatdagi yangi spektakli muxlislar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi.
“Jadidlar” spektakli premerasini teatr ijodiy jamoasining navbatdagi yutug‘i deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu spektakl ma’rifatparvar bobolarimiz Munavvar Qori Abdurashidxonov, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ishoqxon To‘ra Ibrat, Abdulla Avloniy kabi millat oydinlarining ezgu maqsadlari, insonga bir marta ato etiladigan hayotlari evaziga almashgan ulkan g‘oyalar, yurtimizni hur va ozod ko‘rish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini g‘oyat ta’sirchan tarzda ochib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shuningdek, yangi sahna asarida o‘tgan asr boshlarida zaminimizda teatr san’atining rivojlanishi, bolalarni yangicha usuldagi maktablarda ta’lim olishi, eskilik va yangilikning, yovuzlik va ezgulikning o‘zaro kurashi haqqoniy tarzda ochib berilgan.

Aytish kerakki, spektakl yozuvchi va dramaturg To‘ra Mirzo hamda teatr bosh rejissyori Doston Haqberdiyev muallifligida yaratilgan. Musiqalarni bastakor Olimjon Komiljonov yozgan. Rassom – Otabek Namozov. Spektaklga Tohir Do‘stmuhamedov hamda Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy adabiy maslahatchilik qilgan.
Asosiy rollarni Iqboljon Oshiqov, Qobiljon Umirov, Hamid To‘xtayev, Umid Shodmonov, Azizxon Latipov kabi aktyorlar ijro etgan. Sahna asarida Naima Po‘latova, Aleksandr Bekjonov, Mehri Bekjonova, Gulasal Rahmonova kabi san’atkorlarning ishtiroki uning jozibadorligini yanada oshirgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri