Jadidlar safdoshi Sadriddinxon mufti Sharifxo‘jayev haqida (+video)
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida taraqqiyparvar ulamo, o‘lka ozodligi yo‘lidagi kurashlarda ishtirok etgan, ma’rifatparvar jadidlar bilan bir safda siyosiy kurash sahnasida bo‘lgan Sadriddinxon mufti Sharifxo‘jayev haqida ma’lumot beriladi.
Sadriddinxo‘ja 1877 yil Toshkentning Mergancha mahallasida taniqli ulamo va qozikalon Sharifxo‘ja eshon xonadonida dunyoga kelgan. Avval eski maktabda, so‘ng Toshkentdagi Yunusxon madrasasida o‘qiydi. Zamona zayliga muvofiq Toshkentdagi birinchi sonli 4 yillik rus-tuzem maktabiga kirib, Ovro‘po ilm-fani yangiliklari bilan tanishadi, rus tilini mukammal o‘rganadi.
Shundan so‘ng Buxoroga yo‘l olib, 1905 yilgacha Mir arab madrasasida tahsilni davom ettiradi. Sadriddinxon bu vaqtda jadid taraqqiyparvarlik g‘oyalari bilan tanishadi. Toshkentga qaytgach Yunusxon madrasasida mudarris va imomlik qiladi. 1914 yildan Eshonquli madrasasida bosh mudarris va mufti rutbasini oladi. Mufti Sadriddinxon ham taraqqiyparvar ulamolardan bo‘lib, Munavvarqori Abdurashidxonovning yaqin do‘sti va hammaslaklaridan edi.
1916 yil Turkistonda mardikorchilikka qarshi qo‘zg‘alon vaqtida Sadriddinxon mufti o‘zining xalq tomonida ekanligini ochiq bayon qiladi va jadid taraqqiyparvarlari bilan bir safda siyosiy kurash sahnasiga kiradi. 1917 yil mart oyida Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li tomonidan "Sho‘roi Islomiya" jamiyati ta’sis etilganida unga birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘ladi.
Turkistondagi ilk siyosiy partiya – "Turk adam markaziyati"ning dunyoga kelishida bosh-qosh bo‘ladi. Qo‘qonda ish boshlagan Turkiston Muxtoriyati hukumatida prezidium a’zosi sifatida Muxtoriyatni Turkiston musulmonlarining yagona hokimiyati sifatida tan olinishi uchun tinimsiz ma’ruzalar qiladi. "Ulamo jamiyati"ning ayrim mutaassib vakillarida Muxtoriyatga nisbatan ishonchsizlik ortib borayotganligi tufayli Toshkentga qaytib, taraqqiyparvar ulamolardan "Fuqaho jamiyati"ni tuzadi. Jamiyat Turkiston Muxtoriyatini o‘lkadagi yagona siyosiy kuch sifatida tan olishini e’lon qiladi.
Bolsheviklarning noqonuniy xatti-harakatlari, ayniqsa, Farg‘onada vaziyatning qaltislashib borishi jarayonida o‘z zamonasining yirik ulamosi bo‘lgan mufti Sadriddinxo‘ja Sharifxo‘ja qozikalon o‘g‘li 1918 yilning fevral oyidan "Fuqaho jamiyati"ning nashri afkori sifatida "Izhor ul-Haq" jurnalini nashr eta boshladi. Ilk sonlaridanoq Turkiston musulmonlarining sevimli nashriga aylangan jurnal o‘z sahifalarida nafaqat diniy, balki o‘tkir iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalalarga ham keng o‘rin beradi.
Batafsil:
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bIp8JVV6ccg" title="Jadidlar safdoshi Sadriddinxon mufti Sharifxo`jaev haqida " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA