Bugun poytaxtimizdagi “Tashkent City Congress Hall” xalqaro ishbilarmonlik markazida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda hukumat vakillari, tarixchi olimlar, adabiyotshunoslar, shuningdek, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shvetsiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Yaponiyadan tashrif buyurgan xorijlik akademik, ekspertlar ishtirok etdi.
Dastur avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini Prezident maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
“Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyilini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatni himoya qilishga qaratilgan intilish hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlar uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga doimo da’vat etib turadi”, deyiladi davlatimiz rahbari murojaatida.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, global geosiyosiy vaziyatdagi jarayonlar ta’sirida xalqlarning ong-shuurida yuz berayotgan o‘zgarishlar hamda buning natijasida O‘zbekistondagi yosh avlodning milliy tariximizni o‘rganishga bo‘lgan talabining oshishi konferensiyaning dolzarb ahamiyatini belgilab beradi.
[gallery-15014]
Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etib, nutq so‘zladi. Turli mamlakatlardan konferensiyaga tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimiz uchun eng muhim mavzulardan biri – millat ta’lim-tarbiyasi masalasini muhokama qilish va O‘zbekistonda jadidlar boshlagan ishlarni davom ettirish vaqti allaqachon yetib kelganini ta’kidladi.
– Jadidlarning g‘oyalari, ularning orzu-intilishlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosatida o‘z aksini topmoqda, desak haqiqatdir, -dedi Saida Mirziyoyeva. – Prezident yetakchiligidagi Yangi O‘zbekiston jadid bobolarimiz orzu qilganidek, dunyoviy huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini bunyod etish, sifatli ta’lim tizimini yaratish, so‘z erkinligi va ochiqlikni ta’minlash yo‘lidan dadil odimlamoqda.
Anjumanda jadid ma’rifatparvarlarining g‘oyalarini konseptual jihatdan o‘rganish, tahlil va muhokama qilish hamda ularni tizimlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jadidlar tomonidan XX asrning birinchi choragida yaratilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish orqali ularning Turkistonda milliy davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasini o‘rganish, jadidlar faoliyati va g‘oyalarini dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat bunyod etish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilmoqda.
Yangi O‘zbekistonni davlatchilikni shakllantirish borasida jadidlarning g‘oyaviy jihatdan merosxo‘ri sifatida namoyon etish e’tibor markazida bo‘ldi.
Konferensiya doirasida jadidlar va umuman, jadidchilik harakati: uning tug‘ilishi, rivojlanishi, qadriyatlar uchun kurashishi, bostirilishi va Yangi O‘zbekiston zamonida ushbu g‘oyalarning qayta dunyoga kelishiga bag‘ishlangan “Xotira yo‘lagi” ekspozitsiyasi taqdim qilindi.
Konferensiya 12 dekabr kuni o‘z ishini davom ettiradi. Unda bir vaqtning o‘zidagi sessiyalardagi muhokamalar, shuningdek, yoshlarni jalb qilgan holda, keng auditoriya uchun ochiq panel sessiyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/qYHQaCbdkAw" title="Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA