XX asr boshlarida vujudga kelgan jadid adabiyotining, qolaversa, bugungi kun adabiyotining taraqqiyoti uchun boshlang‘ich nuqta – bu ko‘hna mumtoz adabiyot ekanligi yangilik emas. Adabiyot va madaniyatni taraqqiy ettirish uchun uning tarixiga murojaat etmoq va undan o‘rganmoq zarur. Jadid adabiyo tio‘zigacha bo‘lgan mumtoz adabiyot an’analarini o‘zida jamladi, adabiyot tarixida asrlar osha davom etib kelayotgan nafis tafakkur davomiyligini saqlab qoldi. Mumtoz adabiyotimiz durdonalarini o‘rganish, o‘zlashtirish, asrlar osha yarqirab turgan bu boyliklarni davom ettirish orqali jadid adabiyoti yuksaklikka ko‘tarildi, qudratli adabiyotga aylandi, uning namoyandalari esa ulug‘ ma’rifat fidoyilari darjasiga yetishdilar.
O‘tgan asr boshidagi jadidchilik harakatining faol ishtirokchilaridan biri, adib va munaqqid Vadud Mahmud (1898-1976) o‘z davrida mumtoz adabiyotga xolis munosabat bildirish bilan bir qatorda bu adabiyotning muhim xususiyatlarini ham belgilaydi. Bu jihatdan munaqqidning “Navoiygacha turk adabiyoti”, “Alisher Navoiy”, “Navoiy uchun”, “Fuzuliy Bag‘dodiy”, “Turk adabiyoti tarixi” kabi maqolalarida mumtoz adabiyotdagi eng ulug‘ siymolar ijodi tahlilga tortiladi, turkiy adabiyotning o‘ziga xos jihatlari ulug‘lanadi.
Adabiyot maydoniga Samarqand adabiy muhiti orqali 20-yillar arafasida kirib kelgan Vadud Mahmud bu jarayonga juda faol aralashadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Vasliy, Siddiqiy Ajziy, Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Abdurauf Fitrat va Tamhid Samarqandiy singari muharrir, shoir va muallimlar muhitida tarbiya topadi, ta’lim oladi, shakllanadi. Uning adabiy-tanqidiy, publitsistik maqolalari «Kambag‘allar tovushi», «Zarafshon», «Turkiston», «Inqilob», «Maorif va o‘qitg‘uvchi», «Yer yuzi» kabi gazeta va jurnallarda «Vov», «V.M.», «Vadud Mahmudiy», «Vadud Mahmud o‘g‘li» kabi imzolar bilan muntazam nashr qilinib turgan. V. Mahmud mumtoz sharq adabiyoti namoyandalari, mavjud adabiy jarayon xususida «Cho‘lponning «Buloqlar»i» (1923), «Hind ixtilolchilari» (1923), «Turk shoiri Ajziy» (1924), «Adabiy tanqidga bir nazar» (1924), «Alisher Navoiy» (1925), «Fuzuliy Bag‘dodiy» (1925) kabi qator qimmatli maqolalar yozgan.
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni millatparvar jadidlardan biri Vadud Mahmudga bag‘ishlanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/GSeEak0zk0E?si=nHDnsbEkaDmBdzeo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov,O‘zA