Jadidlar merosiga bag‘ishlangan anjuman
Farg‘ona politexnika institutida “Jadidlarning ilmiy-pedagogik merosi: tarix va zamonaviylik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda o‘zbekistonlik olimlardan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlar ishtirok etdi.

Vatanning mustabidlar zulmidan ozod bo‘lishini, elga erk, hurriyat istagan xalqimizning qalbi uyg‘oq farzandlari bo‘lmish jadidlar hamisha fikr-u yodimizni egallaydi. Bu millat oydinlari tarixini, hayoti va faoliyatini o‘rganganimiz sari ular barhayot bo‘laveradi, yuraklarimizning bir chetini tirnayotgan armonlar qayta gavdalanaveradi. Ma’rifatparvar jadid bobolarimiz butun umrlarini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar.
Bugungi kunda ularning hayotini o‘rganish va targ‘ib etish muhim vazifa sanaladi. Farg‘onada tashkil etilgan ilmiy anjumanda jadidlarimizning ezgu ishlari yodga olindi, tarixiy faktlar orqali ularning merosi borasida fikrlar almashildi.

Konferensiyada Turkistonda jadidchilikning maydonga kelishi va tadrijiy rivojlanishi, taraqqiyparvarlarning milliy davlatchilikni tiklash uchun harakatlari va Turkiston muxtoriyati faoliyati, jadid maktablari hamda ularning pedagogik merosi, jadidchilik g‘oyalari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti kabi muhim muammoli masalalar kun tartibdan joy oldi.
Institut rektori O‘ktam Salomov ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini turkiy tilli davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etib kelayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, anjumanda senator, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo ishtirokchilarni qutladi.
– Bugungi anjumanga turli mamlakatlardan tashrif buyurganlarga alohida minnatdorchilik bildiraman, – deydi Azamat Ziyo. – Anjumanda mamlakatimiz uchun eng muhim mavzulardan biri – millat ta’lim-tarbiyasi masalasini muhokama qilish va O‘zbekistonda jadidlar boshlagan ishlarni davom ettirishdir. Ma’rifatli jamiyat qurishda jadidchilarimizning ezgu g‘oyalari biz uchun muhim ahamiyatga ega.

Anjumanda xorijiy mamlakatlardan soha mutaxassislari videokonferensiya orqali ishtirok etib, jadidchilik harakatining o‘ziga xos jihatlari va bugungi kundagi ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Konferensiyada bir vaqtning o‘zida sessiyalardagi muhokamalar, shuningdek, yoshlarni jalb qilgan holda keng auditoriya uchun ochiq panel sessiyalari o‘tkazildi.
Xalqaro anjuman davomida ishtirokchilar Marg‘ilon shahar hunarmandlar uyi, Rishton tumani kulolchilik majmuasi va tarixiy ziyoratgohlarga sayohat qilishdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri