O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish, shuningdek, 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida:
1. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma), Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligining Buxoro shahridagi tarixiy maskan – Xo‘ja Gulrez ko‘chasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyiни (keyingi o‘rinlarda – Muzey) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar Muzey faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:
Muzey Jamg‘arma tizimiga kiradi hamda Muzey faoliyati uning binosida qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan so‘ng boshlanadi;
Muzey binosini mukammal ta’mirlash, jihozlash va hududini obodonlashtirish, Muzey ekspozitsiyasini yaratish bilan bog‘liq xarajatlar ilovaga muvofiq ajratiladigan manbalar hisobidan qoplanadi;
Muzeyni saqlash xarajatlari – Buxoro viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari, Muzeyning o‘z daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
Muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqi to‘lash Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Jamg‘arma:
a) Madaniy meros agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Muzey ustavini tasdiqlash, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish hamda Muzey faoliyatiga ko‘maklashish yuzasidan tegishli choralar ko‘rsin;
b) Fanlar akademiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “O‘zarxiv” agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan birgalikda:
Muzeyni jadidlik harakatiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalari bilan to‘ldirib borishni tashkil etsin;
ushbu maqsadda jadidlik harakatiga oid noyob kitob, qo‘lyozma, arxiv hujjatlari va boshqa materiallarni aniqlash bo‘yicha chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilishini yo‘lga qo‘ysin, shuningdek, aniqlangan materiallarni ta’mirlash va raqamlashtirish choralarini ko‘rsin;
v) bir oy muddatda Muzey faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, Muzey binosini ta’mirlash, jihozlash va hududini obodonlashtirish, Muzey ekspozitsiyasini yaratish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
5. Madaniy meros agentligi “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlarning Muzey uchun xarid qilib borilishini ta’minlasin.
6. Tashqi ishlar vazirligi Muzeyga xorijiy davlatlardagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashsin.
7. Muzeyni tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qo‘lyozmalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025 yil 1 yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Muzey faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi G.O.Umerova hamda Buxoro viloyati hokimi B.K.Zaripov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2024 yil 30 may