Ulug‘ alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 149 yilligiga bag‘ishlangan - “Mahmudxo‘ja Behbudiy publitsistikasi va jadid matbuotida ijtimoiy-siyosiy masalalarning yoritilishi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ochib berdi. Tadbirda, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar jurnalistlar uyushmasi, Turkiya teleradio tashkiloti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi qator oliygohlar professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi-mutaxassislar qatnashdi.
Jadidchilik harakati namoyondalari, xususan, ulug‘ alloma Mahmudxo‘ja Behbudiy xalq taqdiri, farovon hayoti hamda yurt taraqqiyoti uchun murakkab tarixiy davrda jaholatga qarshi ma’rifat, yangicha dunyoqarash bilan kurashdi. Shu bois, mamlakatimizda ma’rifatparvar ajdodlarimizning jasoratli hayot yo‘llariga nazar tashlash, ular qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganishga, tavallud sanalarini nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda ulug‘ alloma hayoti va ijodiga oid hujjatli filmlar, asarlar yaratish, zamonaviy spektakllarni sahnalashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani aytildi.
Mazkur konferensiya O‘zJOKU “Media nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi tashabbusi bilan an’anaga muvofiq o‘tkazilmoqda. Asosiy maqsad yurtimizda mass-media sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini sifati va samaradorligini oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z navbatida, milliy matbuotning yetakchi siymosi Mahmudxo‘ja Behbudiyning nodir manbaalarini o‘rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida o‘rnatilgan ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/0SKfsXvj3BA" title="Jadidlar kutgan davrlar keldi (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev,
Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA