Toshkent shahrida “Jadidlar izidan” tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazilmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida mazkur ijodiy tanlovning Respublika bosqichiga yetib kelgan o‘quvchilar bilan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ushbu ijodiy tanlov bolalarda ijodiy fikrlashni yanada kuchaytirish, ularni jadid bobolarimiz tarixi bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
–Tanlovning yakuniy bosqichi dasturini qiziqarli, rang-barang tuzishga alohida e’tibor qaratildi, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova. – O‘quvchilarimiz ushbu tanlovda qatnashish bilan birga, poytaxtimizdagi ma’rifat maskanlari, jadidlar hayotiga bag‘ishlangan “Turkistondan maktublar” nomli ko‘rgazma, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, kutubxonalar faoliyati bilan batafsil tanishadi. Bilim va mahoratlarini yanada oshiradi.
– Bu tanlov bizlarda eng avvalo, shunday yorug‘ kunlar uchun, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun shukronalik tuyg‘ularini shakllantirdi, – dedi Farg‘onadagi 46-maktab o‘quvchisi Farangizbonu Yo‘ldoshaliyeva. – Bunday tinch va osoyishta, erkin hayotning qadriga yetish bizlarning burchimizdir.
[gallery-20907]
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida o‘quvchilarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali kitobxonlikka jalb etish, buyuk jadid allomalar hayoti va ijodi bilan tanishtirish, kitobxon bolalarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Jadidlar izidan” respublika ijodiy tanlovi tashkil etildi.
Tanlov ikki sinf toifasida, birinchi toifa – 6-, 7-, 8-sinflar hamda ikkinchi toifa – 9-10-sinflar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda o‘quvchilar jadidlarizidan.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish orqali ishtirok etmoqda.
Tanlovda ishtirok etish uchun 364 ming 906 ta ariza kelib tushgan. Ushbu ishtirokchilar ikki sinf, ya’ni, 6-8-sinf hamda 9-10-sinf o‘quvchilari toifasida joriy yilning 28-30 oktyabr kunlari sektorlar kesimida saralab olindi. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi esa shu yilning 31 oktyabr kuni barcha hududlarda bir vaqtda tashkil etilib, unda sektor bosqichlarida saralab olingan 13 ming 299 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ishtirokchilar mazkur bosqichda 2 ta shart (test va savol-javob) asosida bellashdi.
Hududiy bosqichlar esa joriy yilning 13-23 noyabr kunlari o‘tkazilib, unda tuman (shahar) bosqichlari yakuniy natijalariga ko‘ra g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 416 nafar o‘quvchi qatnashdi.
“Jadidlar izidan” tanlovining respublika bosqichi har bir hududdan 2 nafardan (6-, 7-, 8-sinflardan 1 nafar, 9-10-sinflardan 1 nafar) jami 28 nafar ishtirokchi o‘rtasida joriy yilning 17-20 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda.
Ma’rifiy musobaqa yakunlariga ko‘ra, har bir sinf toifasi bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 7 nafardan (1-,2-,3- o‘rin g‘oliblari hamda eng yuqori ball to‘plagan 4 nafar) jami 14 nafar ishtirokchi xorijiy davlatga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Darhaqiqat, tanlovning yakuniy bosqichi dasturi juda qiziqarli ekani bilan ahamiyatli. Uning dastlabki kunida o‘quvchilar “Turkistondan maktublar” ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Respublikasi Senati, Respublika bolalar kutubxonasi kabi maskanlar faoliyati bilan tanishdi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA