Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida jadid alloma, adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali o‘quvchilarni kitobxonlikka jalb etish, ma’naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash hamda vatanparvarlik ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida Sirdaryo viloyatida ham “Jadidlar izidan” respublika tanlovining viloyat bosqichi musobaqasi o‘tkazildi.
–Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida ishtirok etish uchun joriy yilning 25 oktyabriga qadar “Jadidlar izidan.uz” platformasi orqali umumta’lim maktablarning 4278 nafar 6-8 sinf va 9-10 sinf o‘quvchilari onlayn ro‘yxatdan o‘tib, 31 oktyabr kuni barcha umumta’lim maktablarida tanlovning 1-bosqichi tashkil etildi,–deydi Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva.–1-bosqich yakunlariga ko‘ra, 117 nafar o‘quvchi yuqori ball oldi. 2-shart yakunlariga ko‘ra, 66 nafar o‘quvchi 1-3 o‘rinlarni qo‘lga kiritib, ulardan 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan 22 nafar o‘quvchi viloyat bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

Yakuniy bosqichda 2 ta yosh toifasi bo‘yicha, jami 22 nafar o‘quvchi qatnashib, “Boshqotirma”, “Savol-javob” hamda “Asarlar tahlili” shartlari bo‘yicha jadid namoyandalarining hayoti va ijodi haqida bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 6-7-8-sinflar o‘rtasida kechgan musobaqada 1-o‘ringa Sardoba tumanidagi 18-maktab o‘quvchisi Madina Qarshiboyeva sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 9-10-sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada esa Guliston shahridagi 5-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Bobur Qodirovga omad kulib boqdi.


Endi ular Respublika bosqichida ishtirok etib, viloyat sha’nini himoya qilishadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri