Izlangan, imkon qidirgan hayotda o‘z o‘rnini topadi
Farg‘ona tumani “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Moyila Rahmiddinova oilada to‘ng‘ich farzand. Onasidan erta ajralgan bu qiz dadasining yoniga kirib, ro‘zg‘orni tebratishiga to‘g‘ri keldi.
Chunki besh nafar ukalarini o‘qitish oson ish emas. O‘tgan yilda ishsizligi bois “Yoshlar daftari” ga kiritildi, tumandagi kasb-hunar o‘qitish markazining qandolatchilik, pazandachilik o‘quv kursida o‘qidi. Bu hunarni qunt bilan o‘rganib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi.
Moyila o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, unga erishish yo‘lida tinmay harakat qildi. “Yoshlar 1+1” dasturi doirasida “Har bir tadbirkor- yoshlarga madadkor” tamoyili asosida o‘quv kursini ham tamomladi. Tadbirkor sifatida tuman markazidan ijaraga joy olib, pishiriqlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Dastgohlar olish uchun subsidiya ajratildi, shu bilan birgalikda 15 million imtiyozli kredit oldi. Dastlab ish boshlaganida qiyinchiliklarga uchradi. Shijoatli qiz bundan cho‘chimadi. bugungi kunda u rahbarlik qilayotgan sexda tayyorlanayotgan pishiriqlarning o‘z xaridorlari bor. U yoniga mahalladagi olti nafar qizni olib hunarini o‘rgatmoqda.
[gallery-5767]
–Uch nafar singillarim oliy o‘quv yurtida o‘qiydi, – deydi Moyila. –Uyda bekor o‘tirish, bahona topish bilan qornimiz to‘ymaydi, ust-boshimiz but bo‘lmaydi. Davlatimizga rahmat. Bepul pazandachilikni o‘rgandim, mana, tadbirkorlikni boshladim. Xarajatlar, kredit to‘lovidan tashqari bir oyda o‘rtacha 3 million so‘m daromad topyapman.
“Yuqori Vodil” mahalla fuqarolar yig‘inilik Ro‘zali Abdrushidov 26 yoshda. U muqim ish topolmay ancha qiynaldi. “Yoshlar daftari” ga kiritildi hamda sartaroshlikka qayta o‘qitildi. Tuman hokimligining ko‘magida joy ajratilib, bugungi kunda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bunday qo‘llab-quvatlash Ro‘zali kabi ko‘plab yoshlarni hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Zero, ishli, hunarli inson hech qachon dromadsiz qolmaydi.
Farg‘ona viloyatida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 80 ming 79 nafar yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari va subsidiyalar ajratish hamda ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Natijada aksariyat yoshlar daftardan chiqarildi. Tadbirkorlik istagida bo‘lgan yoshlarga tijorat banklari tomonidan 263,1 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA