Izboskanning gʻayratli fermeri
Yosh va gʻayratli qishloq xoʻjaligi jonkuyarlaridan biri boʻlgan Sherzod Ahmedov yetakchilik qilayotgan “Xonobod zamindori” fermer xoʻjaligi ayni kunda Izboskan tumanida eng ilgʻorlardan hisoblanadi.
Yosh va gʻayratli qishloq xoʻjaligi jonkuyarlaridan biri boʻlgan Sherzod Ahmedov yetakchilik qilayotgan “Xonobod zamindori” fermer xoʻjaligi ayni kunda Izboskan tumanida eng ilgʻorlardan hisoblanadi.
2007-yilda chorvachilik yoʻnalishida tashkil etilgan xoʻjalik yillar oʻtib, koʻp tarmoqliga aylandi.
Bu yil xoʻjalikda 35 gektar paxta, 23 gektar maydonda gʻalla yetishtirildi.
Chorvachilik uchun yana 23 gektar maydonda ozuqa ekinlari parvarishlanmoqda. Fermerchilikning eng muhim shartlaridan biri –mehnatsevarlikdir.
Yosh fermer Sherzod Ahmedovda ana shunday zarur xislat mavjud.
Ayni paytda xoʻjalikning chorvachilik fermasida xorijdan keltirilgan yuzdan ortiq zotdor va naslli qoramol parvarishlanmoqda.
Sogʻib olingan sifatli sut mahsuloti xoʻjalik qoshida tashkil etilgan sutni qayta ishlash sexida qayta ishlanib, 8 xil mahsulot tayyorlanmoqda. Sut mahsulotlari tumandagi maktabgacha taʼlim muassasalariga hamda aholiga yetkazib berilmoqda.
Mazkur sexda 20 ortiq ish oʻrni yaratilgan.
Joriy yildagi dehqonchilik ham barakali boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugʻdoyning har gektaridan 78 sentnerdan sara gʻalla olinib, 180 tonnadan ortiq bugʻdoy shartnoma asosida topshirildi.
Paxtaning rivoji ham yomon emas. Ayni kunlarda joriy yildagi paxta yigʻim-terimiga hozirlik avjida. Bu yil 200 tonnadan ortiq oq oltin topshirish – asosiy maqsad etib belgilangan.
Yoshligidan mehnat qilib, dehqonchilikda suyagi qotgan va fermerlikni ixtiyor etgan Sherzod Ahmedovni rejalari bisyor. Xoʻjalikni yana-da rivojlantirib, qoʻshimcha tarmoq va yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish uchun saʼy-harakat olib borayotir.
Shu kunlarda Avstriyadan 132 ta zotdor va naslli qoramol olib kelish uchun tuman Xalq banki vakillari bilan hamkorlikda saʼy –harakatlarni boshlab yubordi.
Bugungi kunda xoʻjalikda biror qarich boʻsh joy yoʻq, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekinlar – mosh, loviya, soya, kartoshka, sabzi, piyoz kabi aholi ehtiyoji uchun eng zarur mahsulotlarni ekib parvarishlanmoqda.
Butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham barchamizga yetarlicha tashvish tugʻdirgan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining ijtimoiy himoyasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fermer xoʻjaligida ham pandemiya keltirib chiqargan qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun talay eʼtiborga sazovor ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mahalladagi kam taʼminlangan oilalarga eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari – un, yogʻ, guruch, goʻsht mahsulotlari va echki bepul tarqatildi.
Xoʻjalikda mehnat qilayotgan ishlovchilarga ham koʻmak koʻrsatildi. Shuni aytish oʻrinliki, homiylik va xayriya ishlarini amalga oshirish –xoʻjalikning koʻp yillardan beri ish faoliyatining asosi hisoblanadi.
Tumandagi 22-maktabni taʼmirlash ishlariga doimiy ravishda homiylik qilib turiladi. Ahamiyatli jihati shundaki, oʻtgan yili 1km. masofadagi mahallaning ichidagi yoʻl xoʻjalik tomonidan asfaltlashtirildi, yana shuncha joyga shagʻal yotqizildi.
Xoʻjalikning kelgusi yildagi rejalari ham bisyor.
Vafo LATIPOV,
Oʻzbekiston fermer dehqon xoʻjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi vakili