Jizzax viloyati Paxtakor tumanida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi va bugungi kundagi agrotexnik tadbirlar yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov fermer xo‘jaligida tashkil etildi. Unda ishtirok etgan Jizzax viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Ashurmatov, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining raisi Anorboy Eshmatov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar qishloq xo‘jaligi sohasida ham o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, iyul qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishi va rivojida muhim o‘rin tutishi haqida so‘z yuritdi.

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko‘paytirilishi natijasida manfaatdorlik oshdi. Qishloq xo‘jaligiga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi.


– Prezidentimiz faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham o‘ylab, uzoqni ko‘zlab, biz qishloq xo‘jaligi xodimlarining oldiga islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish vazifasini qo‘ymoqda. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqildi. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o‘sish nuqtasi, ya’ni drayveri bo‘ladi. Ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi, dehqonning, odamlarning daromadi oshadi, – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Ashurmatov. Shuningdek, bugungi issiq kunlarda paxtaga o‘z vaqtida suv berish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, tomchilatib sug‘orishga alohida e’tibor qaratish, zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, takroriy ekinlar ekish va ularning parvarishiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi borasida mutasaddilarga tegishli maslahatlar berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA