Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida yangi avlod darsliklari muhokama qilindi
Agentlik ilmiy-metodik kengashining navbatdagi yig‘ilishida nufuzli oliy ta’lim muassasalari olimlari, amaliyotchi pedagoglar hamda darslik mualliflari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar uchun tayyorlangan 8-sinf algebra va geometriya darsliklari, Cambridge University Press hamkorligida ishlab chiqilgan 9-sinf fizika va biologiya darslik majmualari hamda 7-sinf kimyo fani o‘qituvchisi kitobining o‘zbek tiliga mahalliylashtirilgan nashrlari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va Farmatsevtika texnika universiteti hamkorligida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Darslik mualliflari o‘z taqdimotlarini namoyish etdi. Ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilindi. Oliy ta’lim muassasalari hamda Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar mutaxassislarining ijobiy xulosalari asosida mazkur darsliklarni nashrga tavsiya etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Usmonova, O‘zA