Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etilmoqda
Ularning faoliyati mustaqil bo‘ladi
“Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirish, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Ma’lumki, barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy etish muhim vazifa hisoblanadi.
Farmon bilan Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi shakllantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmalari,Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari, tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi sifatida belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuni hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni ko‘rishda prokuror vakolatini ta’minlash, sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish, sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy ko‘nikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga ko‘maklashish Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Albatta, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga yuqoridagi vazifalar berilishi bilan bir qatorda ular faoliyatining mustaqilligi ham ta’minlanmoqda.
Xususan, ushbu korpus xodimlari o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshirishi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Shu bilan birga, viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga tuman (shahar) prokuraturalarining tegishli yo‘nalishlarida, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinishi lozimligi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari, qoida tariqasida, sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash sohasida uzluksiz uch yil xizmat o‘taganidan so‘ng boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilishi mumkin. Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish Bosh prokuror sohaviy o‘rinbosarining roziligi asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatining natijadorligini ta’minlash maqsadida Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi sudlarda ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha ayblovni (fuqaroviy da’voni) qo‘llab-quvvatlash, o‘zgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan, Jinoyat kodeksi normalarini qo‘llash, jazo turi va me’yorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil bo‘lib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda o‘z ishonchiga asoslanishi belgilanmoqda.
Har bir hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari hamda tegishli tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va boshqa yo‘nalishlarda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi.
Maslahat kengashlari o‘zaro muhokama asosida o‘ta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlariga ko‘maklashishi nazarda tutilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati uchun mas’ul o‘rinbosarlariga tegishincha viloyat, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini hududdagi viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlaridagi ish hajmini inobatga olgan holda ixtisosligi bo‘yicha jalb qilishga ruxsat berilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ixtisoslashgan prokurorlar korpusini tajribali, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qodir, prokuratura organlarida benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan professional kadrlar orasidan shakllantirish choralarini ko‘rish, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari hamda ularning boshqa yo‘nalishlarga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari tomonidan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida noxolislikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday ta’sir va aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutuvchi ichki tartibni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifalari yuklatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham qabul qilinib, bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, farmonda Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida 2023 yilning 1 sentyabr kuniga qadar “Sudlarda prokuror ishtiroki” axborot tizimini yaratish, dastlabki sinov tarzida ishga tushirish hamda 2024 yildan boshlab amaliyotga to‘liq joriy qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura va Oliy sud axborot tizimlarini integratsiya qilish yo‘li bilan o‘zaro hujjat almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish, Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi o‘z xizmat vazifalarini samarali amalga oshirishlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida har bir sud binolarida alohida xizmat xonalari ajratilishi lozimligi qayd qilindi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kamol MARDONOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Cud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar
va advokatura kafedrasi katta o‘qituvchisi
O‘zA