Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi bahslariga start berilishiga ham oz qoldi. Ko‘pchilik superliga klublari qatori Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi ham yangi mavsumga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazmoqda.
Turkiya safaridan avval, “So‘g‘diyona” o‘z tarkibini 7 nafar tajribali futbolchilar bilan kuchaytirib oldi. O‘tgan mavsum “Lokomotiv” (Toshkent) jamoasida o‘ynagan himoyachilar Islom Qobilov hamda Oleg Zoteyev, “Bunyodkor” (Toshkent)da to‘p surgan, Belorus Respublikasi fuqarosi himoyachi Aleksey Nosko, 2023 yilgi mavsumda Malayziyaning “Terengganu” jamoasi sharafini himoya qilgan, avvalgi yillari “So‘g‘diyona” libosida maydonga chiqqan himoyachi Sardor Qulmatov, Chernagoriya terma jamoasining 2 nafar a’zosi – Ruminiyaning “Petrolul” klubidan hujumchi Zoran Petrovich, Chexiyaning “Yablones” jamoasidan yarim himoyachi Vladimir Jovovich, “Bunyodkor” yarim himoyachisi Shohrux Abdurahmonov jamoaga kelib qo‘shildi. Bulardan tashqari, “Bunyodkor” o‘yinchisi yarim himoyachi Jasurbek Yoqubov ham joriy chempionatda “So‘g‘diyona” tarkibida maydonga chiqadi.

Ivan Boshkovich murabbiyligidagi “So‘g‘diyona” klubi Turkiyada o‘tayotgan yig‘inda 7 ta o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvi rejalashtirgan. Rejadagi uchrashuvlardan uchtasi o‘tkazildi. “So‘g‘diyona” Antaliyadagi dastlabki uchrashuvni Ozarbayjonning “Sumgait” klubi bilan o‘tkazib, 1:3, hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ikkinchi uchrashuv Kosovoning “Malisheva” klubiga qarshi o‘tkazildi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘tgan ushbu nazorat bahsida jangovar durang, 1:1 hisobi qayd etildi. Uchinchi bahs esa Polshaning “Visla Plock” klubiga qarshi o‘tdi. Mazkur murosasiz o‘yinda polyak futbolchilari 2:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Biz, “So‘g‘diyona” PFK matbuot xizmati yordamida Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan Ivan Boshkovich bilan konfrens-aloqa orqali onlayn tarzda suhbatlashib bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– “So‘g‘diyona” klubining Antaliyadagi tayyorgarlik jarayonlari qanday bormoqda?
– Mavsumga tayyorgarlik yaxshi ketmoqda. Mashg‘ulot va o‘yinlar o‘tkazish uchun qulay sharoitlar mavjud. Jamoa tarkibi birmuncha o‘zgardi. O‘tgan mavsum “So‘g‘diyona” libosida harakat qilgan bir nechta futbolchilar klubni tark etdi. Jamoamizni yangi, kuchli, tajribali va o‘tgan mavsum turli klublar tarkibida to‘p surgan futbolchilar bilan kuchaytirdik. Umuman olganda, bu mavsumda yaxshi o‘yin ko‘rsatish uchun hamma imkoniyatlarni ishga solamiz.

– O‘tgan mavsum “So‘g‘diyona” uchun qanday kechdi deb o‘ylaysiz?
– Men jamoani 5-turdan keyin, turnir jadvalida eng oxirgi o‘rindaligida qabul qilib oldim. Lekin asta sekinlik bilan ochkolar jamg‘arib bordik. O‘tgan mavsum “So‘g‘diyona” uchun juda og‘ir kechdi. Biz muxlislarimiz kutgan va o‘zimiz istagan natijalarga va ko‘pgina o‘yinlarni barqaror ravishda o‘tkazishni amalga oshira olmadik. Jamoani joriy mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsatishga tayyorlayapmiz.
– Yangi o‘yinchilarning jamoaga moslashishi qay darajada?
– Yangi futbolchilar chindan ham jamoamizni kuchaytira oladi, deb o‘ylayman. Lekin har bir yangi futbolchiga jamoaga moslashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ularning jamoaga qo‘shilib ketishi uchun hali yetarlicha vaqt bor. Aksariyat yangi futbolchilar katta tajribaga ega. Ular professional va kelayotgan mavsumda o‘z so‘zlarini aytishadi. 15-16 kundan beri ular biz bilan ishlashyapti va yaxshi ta’surot qoldirmoqda.

– Klubda amalga oshirilgan transferlar sizni qoniqtirdimi?
– Aytishim mumkinki, bu futbolchilarni juda yaxshi va yaqindan bilaman. Birinchi navbatda, men uchun eng muhim mezon, ular qanday xarakterga egaliklari, ularning jamoamizga qo‘shilishi, o‘ylaymanki, “So‘g‘diyona”ni kuchiga kuch qo‘shadi. Hozir o‘tkazayotgan nazorat o‘yinlar bizga, yana 1-2 nafar sifatli futbolchi yetishmayotganini ko‘rsatmoqda. Rahbariyat bilan maslahatlashib, jamoamizga kamida 2 nafar futbolchi kerak, degan fikrni yetkazdim.
– Bu yil “So‘g‘diyona” nimalarga qodir?
– So‘nggi 5-6 mavsumda “So‘g‘diyona” klubi yaxshi o‘yin ko‘rsatib, kumush medal soxibi bo‘ldi, OFK kubogida yarim finalgacha bordi, lekin o‘tgan mavsum bundan mustasno. Klub rahbariyati oldimizga har doim yuqori maqsadlarni qo‘yib kelmoqda va men murabbiy sifatida har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga intilaman. Har bir raqib bilan biz ehtiyotkorlik bilan o‘ynaymiz va g‘alaba qozonishni asosiy maqsad qilib maydonga chiqamiz.
O‘zbekiston chempionati superligasida kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Har bir klub joriy chempionatga alohida, juda katta e’tibor bergan holda tayyorlanmoqda. Stadionga keling, bizni qo‘llab-quvvatlang, ana shunda “So‘g‘diyona” yiqilib qolsa ham, yana qad rostlab muxlislari uchun o‘ynaydi.
Jizzaxning “So‘g‘diyona” futbol klubi Antaliyada joriy yilning 6 fevral kuni Ukrainaning “Vorskla”, 9 fevralda Ruminiyaning “Selimbar”, 13 fevral sanasida Moldovaning “Balti” va 19 fevralda Latviyaning “Liyepaja” klublariga qarshi maydonga tushadi.
A.QAYUMOV (video+surat), O‘zA