Italiya elchisi bilan uchrashuv
Tomonlar turli darajadagi boʻlajak qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish vaqti boʻyicha fikr almashdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Agostino Pinnani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilgan.
Ishonch yorliqlari nusxasini qabul qilar ekan, vazir elchining mazkur lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga samarali faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar turli darajadagi boʻlajak qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish vaqti boʻyicha fikr almashdilar.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tomoni Italiya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar aniq loyihalarni, shuningdek, ushbu yoʻnalishda avval erishilgan ustuvor vazifalar, xususan, 2019-yil may oyida Rimda boʻlib oʻtgan Hukumatlararo ishchi guruhning 6-yigʻilishi doirasidagi kelishuvlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Qayd etilganidek, joriy yil 25-avgust kuni ochilish marosimi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Termiz shahridagi “Veneto” savdo uyi, shubhasiz, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.