IT-Park Samarqand hududiy filiali ish boshladi
Samarqand shahrida dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki — IT Park ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi va mazkur maskan faoliyatiga to‘xtaldi.
Qurilish-rekonstrkutsiya ishlariga milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan parkning umumiy maydoni 0,63 gektar bo‘lib, bu yerda kovorking markazi, rezident va startapchilar uchun ofislar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, robototexnika o‘quv xonasi, kibersport xonasi, uchrashuvlarni o‘tkazish xonalari (miting rumlar), konferens zal, intervyu zona, kafe va boshqa yordamchi xonalar mavjud.
IT Park tomonidan o‘quv markazlari uchun kompyuter texnikalari, orgtexnika va robototexnika qurilmalari ajratildi.

Birinchi bosqichda bu yerda 10 kishining bandligi ta’minlanib, 100 kishini o‘qitishga imkoniyat yaratilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda o‘qituvchilar soni 20 nafarga, rezident va startapchilar soni 300 nafarga yetishi kutilmoqda. IT Parkda ta’lim o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.
Binoda 6 ta maydon tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etiladi.
IT Park hududiy filialida dasturiy mahsulotlar, startap loyihalar, innovatsion loyihalar ishlab chiqilib, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarga tatbiq etiladi.
– Bugun zamon o‘zgaryapti, hayotimizda axborot texnologiyalarining o‘rni oshib bormoqda, davlat va jamiyat hayotida ham raqamli iqtisodiyot roli ortmoqda. Ana shunday paytda IT Parklar zamon bilan hamnafas insonlar, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylanadi, – dedi E.Turdimov. – Shuning uchun kelgusida barcha tuman va shaharlarda, Samarqand shahrining o‘zida bir nechta IT Parklar bo‘ladi.
G‘.HASANOV, O‘zA