Isyon ulg‘aytirgan shoir
Bugun – tug‘ilgan kun
Amir Xudoyberdi degan shoirni taniganimga qirq yilga yaqinlashib qoldiyov... Demak, bu insonni yaxshi bilaman, deyishga to‘la asosim bor.
Amir yildan-yilga inson va shoir sifatida o‘sib bordi. Bugun bemalol aytishimiz mumkinki, u faol ijod qilayotgan eng yaxshi shoirlarimizdan biridir.
Amir Xudoyberdi 1961 yilning 13 martida Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Shilvi (Shayx Shibliy) qishlog‘ida tug‘ilgan. 1978-1985 yillarda ToshDU(hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan.
Shoirning ilk kitobi “Dunyo va men” 1993 yilda “Yozuvchi” nashriyotida chop qilingan. Shundan so‘ng “Javobsiz savol”, “Evrilish”, “Yettinchi malak”, “Oydin lahzalar”, “Suho”, “Devonalarmiz”, “Tahammul”, “Ilohiy sado”, "Hazrati o‘zbek" nomli kitoblari nashr qilingan.
Amir Xudoyberdi tuman, viloyat gazetalarida, Yozuvchilar uyushmasining Qashqadaryo viloyat bo‘limida ishladi.Maktabda, universitetda yoshlarga saboq berdi.Ma’lum bir muddat Qashqadaryo viloyati Matbuot va axborot boshqarmasida birga ishladik.”Nasaf” nashriyotida birgalashib kitoblar chiqardik. 1995 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
Mana, o‘n yildan oshibdiki, u Toshkentda noshirchilik ishlari bilan andarmon. Hozir “Musiqa” nashriyotida bosh muharrir lavozimida ishlayapti.
Amirni dastlabki she’rlaridan boshlab kuzatib boraman.Ta’bir joiz bo‘lsa, uni isyonkor shoir, degim keladi.Uning she’rlari zamiridagi isyon adolatsizlikka, nohaqlikka, nopoklikka, umuman, inson bolasiga yarashmaydigan nojo‘ya ishlarga bo‘lgan nafratdan tug‘ilgan.Bu nafrat uni ulg‘aytadi, jamiyatning kamoloti uchun xizmat qiladi.
Shoirning “Devonalarmiz” she’rini O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova qo‘shiq qilib kuylaydi.Bu qo‘shiqni qayta-qayta eshitgingiz, ma’nosini chaqqingiz kelaveradi.
Amirning bunday she’rlari ko‘p.U ravon, xalqqa yaqin tilda yozadi.Ba’zi o‘zini “zamonaviy” hisoblaydigan shoirlardek “krassvord” tuzmaydi yoki “topishmoq” aytmaydi.Uning ash’orlari ko‘ngilga yaqin, odamlarga tez singiydi, tez tarqaladi, ommalashadi.
Amir Xudoyberdi o‘sgan muhit, oilasini ham yaxshi bilaman.Uning qiziqishu qarashlari, orzu-intilishlari menga begona emas.U shu yurt obod, shu xalq farovon bo‘lsin, deb yurgan kuyinchak, fidoyi, mehnatkash ijodkorlarimizdan biri. U samimiy, jonfido do‘st, ko‘ngli ochiq, kamtarin inson.
Mana shu jonkuyar, qalbi toza birodarimiz oltmishga kiribdi. Navoiy zamonida bu katta yosh hisoblanardi.Bizning asrda esa, ayniqsa, ijod kishisi uchun balog‘at, kamolot davridir.
Amir Xudoyberdidan xalqimizni xursand qiladigan yangi-yangi asarlar kutishga haqqimiz bor, deb o‘ylayman.Chunki u ijodkor sifatida yetildi, mahorati, tajribasi oshdi. Ayni meva beradigan yoshga to‘ldi.
Umringiz uzoq bo‘lsin,O‘zi sizni panohida asrasin,barcha orzu-havaslaringizga yetib yuring, aziz do‘stim!
Abdujalol Taypatov, O‘zA