Istiqlol — buyuk o‘zgarishlar timsoli
Ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi keng tantana qilindi. Bu bayram oddiy sana emas — xalqimizning ozod va farovon hayotga intilishi, milliy g‘ururi, Vatanga sadoqati hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ulkan yutuqlarini namoyon etgan ulug‘ ayyom sifatida tarix sahifalariga muhrlanmoqda.
Buxorodagi tantana maydonida bayram shu yilgi istiqlol ayyomining ulug‘ g‘oyasini o‘zida mujassam etgan badiiy kompozitsiya bilan boshlandi. “Yagona Vatan — yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya sahna ko‘rinishi orqali teran ifoda etildi.
Unda Vatanga muhabbat, istiqlolga sadoqat, milliy birlik va yurt kelajagiga ishonch tuyg‘ulari uyg‘unlashdi. So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, maydonga yig‘ilgan minglab insonlar qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirdi.
Tantanani Buxoro viloyati hokimi, senator Botir Zaripov tabrik so‘zi bilan ochib, barcha buxoroliklarni ulug‘ ayyom bilan samimiy qutladi.
Viloyat rahbari o‘z nutqida keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, Buxoroda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda erishilayotgan natijalar xususida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosidagi keng ko‘lamli islohotlar yurtimiz hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan siyosat Buxoro hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
— Tahlillarga ko‘ra, keyingi o‘n yilda yalpi hududiy mahsulotimiz 7 karraga oshib, shu yil yakuni bilan 8,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Eksport salohiyatimiz sezilarli darajada yuksalib, joriy yilning 8 oyida 777 million AQSH dollariga yetdi, — dedi viloyat rahbari.
Bu raqamlar ortida yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari, zamonaviy mahallalar, obod ko‘chalar, yangilangan ta’lim va tibbiyot muassasalari, o‘zgarib borayotgan inson taqdirlari mujassam.
Bugun Buxoro qiyofasi ham tobora yangilanmoqda. Tarixiy obidalar qayta restavratsiya qilinmoqda, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Ma’muriy markaz, yangi Xalqaro aeroport, 50 gektarlik Turizm majmuasi, Islom tamadduni namoyandalari xiyoboni, muhtasham Kongress xoll, 4 va 5 yulduzli brend mehmonxonalar kabi yirik loyihalarda qurilish va obodonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Bu inshootlar nafaqat shaharning zamonaviy qiyofasini belgilaydi, balki Buxoroning jahon turizmidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Joriy yilda viloyatga xorijiy sayyohlar oqimi 3,5 million nafarga yetishi, turizm hisobidan iqtisodiyotga 1 milliard dollar miqdorida tushum kirishi kutilmoqda.
Bugungi taraqqiyotning eng muhim mezoni — bunyod etilgan binolar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas, avvalo, inson hayotidagi o‘zgarishdir.
Shu ma’noda, Buxoroda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi modeli yaratilgani, “Inson” markazlarining tashkil etilgani aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ldi.
“Hamrohlik dasturi” doirasida ota-ona mehridan mahrum bo‘lgan 242 nafar bola ta’lim, kasb-hunar va sport tizimiga jalb etildi. Ehtiyojmand oilalarning 81 mingdan ziyod a’zosiga 121 turdagi yordam va xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning o‘zida viloyatda yordamga muhtoj aholini ijtimoiy himoya qilish uchun 433,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu raqamlar inson taqdiri davlat siyosati markazida turganining amaliy ifodasidir.

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahallalarni obod va farovon qilish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mahallalarning imkoniyat va salohiyatidan kelib chiqib, ularni muayyan tadbirkorlik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirish orqali o‘ziga xos iqtisodiy drayverlar shakllantirildi.
Yangi ish o‘rinlari yaratilishi hisobiga 275 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Kambag‘allik darajasi esa o‘tgan yilning shu davridagi 6 foizdan 2 foizga qisqartirildi.
Viloyatda 76 ta mahalla servis kompaniyasi tashkil etilgani ham mahallalarni iqtisodiy jihatdan faollashtirishga qaratilgan yangi yondashuvning samarasi bo‘ldi. Mahalla obodligi esa yurt obodligining ko‘zgusidir.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida shu yilning o‘zida qariyb 6,5 million tup daraxt, buta va gul ko‘chatlari ekildi. 278 kilometr elektr tarmoqlari tortildi. Toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha 198 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Olot, Qorako‘l va Qorovulbozor tumanlarini to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan loyihalar esa inson hayoti sifatiga bevosita ta’sir qilayotgan muhim ishlardan bo‘ldi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatda 1,5 mingta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilgani aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi. Joriy yilning o‘zida “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda 7 ming xonadonga mo‘ljallangan 128 ta zamonaviy ko‘p qavatli uy qurilib, aholiga topshiriladi.
Avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hududidan o‘tuvchi magistral va ichki avtomobil yo‘llarida 500 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Jumladan, A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining viloyat hududidan o‘tuvchi 165 kilometrlik qismi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, 12 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich barpo etildi. Ayni paytda 336 ta ijtimoiy ob’ektda qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Istiqlolning eng buyuk mevasi — erkin fikrlaydigan, bilimli va zamonaviy kasblarni egallagan avloddir. Shu bois ta’lim sohasidagi islohotlar ham izchil davom ettirilmoqda. Yangi o‘quv yilida yangi qurilgan va ta’mirlangan 151 ta maktab, 85 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 15 ta texnikum va kollej yosh avlod ixtiyoriga topshiriladi. So‘nggi o‘n yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 22,5 foizdan 90,4 foizga yetkazildi.
2026-yilda Buxoro maktablarining 33 nafar o‘quvchisi respublika va xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani ham ta’limga qaratilayotgan e’tiborning yorqin natijasidir.
Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgani esa Buxoro yoshlarining salohiyati yuksak ekanini ko‘rsatmoqda.
Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan. Buxoro aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2016-yildagi 75,5 yoshdan 77 yoshga yetkazildi. Joriy yil yakuniga qadar 80 ta sog‘liqni saqlash ob’ektini foydalanishga topshirish, 131 milliard so‘mlik tibbiy uskuna va jihozlar xarid qilish rejalashtirilgan. Bu — tibbiyotdagi raqamlar emas, balki minglab insonlarning sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlardir.

Istiqlol bayrami arafasida mehnatkash va fidoyi insonlarning xizmatlari munosib e’tirof etildi. Prezidentning tegishli farmonlariga muvofiq, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda halol hamda fidokorona mehnati bilan namuna ko‘rsatgan 22 nafar buxorolik yuksak davlat mukofotlari, 2020 nafar yurtdoshimiz esa “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Buxorodagi bayram tantanasi bir haqiqatni yana bir bor namoyon etdi: mustaqillik — biz uchun faqat tarixiy sana emas. U — har kuni yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, obod mahallalar, zamonaviy maktablar, shifo maskanlari, yangi korxonalar, farovon oilalar va ertangi kunga ishonch demakdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi ana shu ezgu maqsadlarni yagona maqsad atrofida birlashtirmoqda. Bu g‘oyaning markazida esa inson, uning qadri, huquq va erkinligi, munosib hayoti va baxtli kelajagi turibdi.
Buxoro bugun o‘zining ming yillik tarixiga munosib ravishda yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Qadimiy obidalar va zamonaviy inshootlar, milliy qadriyatlar va innovatsiyalar, boy tarix va buyuk kelajak bir makonda uyg‘unlashmoqda.

Bayram maydonida yangragan “Yagona Vatan — yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ulug‘ g‘oya ana shu jarayonning mohiyatini to‘la ifodalaydi. Zero, Vatan taqdiriga daxldorlik, xalq birligi va bunyodkorlik ruhi bor ekan, istiqlolimizning har bir yili kechagidan buyuk, ertangi kunimiz esa bugunimizdan yanada yorug‘ bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri