Istiqlol — buyuk maqsadlar yo‘li
O‘ttiz besh yil... Tarix nuqtai nazaridan bu qisqa davr. Ammo xalq hayoti uchun ulkan o‘zgarishlar, buyuk orzular va bunyodkorliklar bilan to‘lgan salmoqli bir tarixdir. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy taraqqiyot yo‘lini tanlash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash imkoniyatiga erishdi.
Bugun yurtimizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, erishilgan natijalardan faxrlanish bilan birga, tinch va osoyishta hayotimiz uchun shukrona aytish ham qalbimizdan o‘tadi.
Ayni paytda O‘zbekistonda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda yangilanishlar izchil davom etmoqda. Eng muhimi, bu islohotlarning markazida inson manfaati, uning qadr-qimmati va munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadi turibdi.
Dunyo ham O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni, ochiq va pragmatik tashqi siyosatni, tinchliksevarlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlarni e’tirof etmoqda. Mamlakatimiz Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini mustahkamlab, xalqaro maydonda o‘zining munosib o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston dunyo davlatlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi imkoniyatlarni ochish yo‘lidan bormoqda. Albatta, bu yutuqlarning eng katta tayanchi — tinchlik va barqarorlik.
Osoyishta yurtdagina maktablar quriladi, oliygohlar rivojlanadi, ilmiy izlanishlarga keng yo‘l ochiladi, tadbirkorlik taraqqiy etadi, yoshlar orzu-maqsadlarini erkin amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Shu bois tinchligimizni asrash, uning qadriga yetish va kelajak avlodga bus-butun yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir. Bu mas’uliyat, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Prezidentimiz yoshlarni O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etadigan asosiy kuch sifatida ko‘rib, ularning bilim va salohiyati, iroda va shijoatiga katta ishonch bildirib kelmoqda. Davlat rahbari 2025-yil yakuniga bag‘ishlangan Murojaatnomasida ham mamlakatning ulkan maqsadlariga erishishda yoshlarning kuch va salohiyatiga ishonch bildirgan edi. Bu ishonch biz, ustozlar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Zero, bugun ta’lim olayotgan yosh — ertaga davlatni boshqaradigan rahbar, ilm-fanni rivojlantiradigan olim, yangi texnologiyalar yaratadigan muhandis, xalq salomatligini asraydigan shifokor, farzandlarimizga saboq beradigan ustozdir. Shunday ekan, yoshlarga faqat bilim berishning o‘zi kifoya emas. Bilim va tarbiya — bir tanu bir jon bo‘lmasa, komil avlodni tarbiyalab bo‘lmaydi.
Tarbiyasiz bilim jamiyat uchun kutilmagan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Biroq yaxshi tarbiyalangan, lekin yetarli bilim va kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lmagan inson ham zamonaviy hayot talablariga javob berishda qiynaladi. Shuning uchun biz, ustozlarning bugungi shiorimiz bitta: “Ta’lim berib tarbiyalaymiz, tarbiyalab ta’lim beramiz!” Bu oddiy shior emas. Bu — kelajak avlod oldidagi kasbiy va ma’naviy mas’uliyatimizning ifodasidir.
Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, yangi kasblar, ilm-fan va innovatsiyalar inson hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Bunday sharoitda yoshlarimiz zamon bilan hamnafas bo‘lishi, dunyodagi eng ilg‘or bilimlarni egallashi, biroq shu bilan birga milliy o‘zligini, tilini, tarixi va qadriyatlarini asrab-avaylashi zarur. Biz yoshlarga bilim bilan birga tafakkurni, kasb bilan birga mas’uliyatni, huquq bilan birga burchni, erkinlik bilan birga vatanparvarlikni o‘rgatishimiz kerak. Chunki Vatanni sevish — uning yutuqlaridan faxrlanishgina emas. Vatanni sevish — uning kelajagi uchun mas’uliyatni zimmaga olish, halol mehnat qilish, ilm o‘rganish, yangilik yaratish va jamiyatga naf keltirish demakdir.
Mustaqillikning 35 yilligi biz uchun ana shu ma’noda katta tarixiy saboqdir. O‘tgan davrda nimalarga erishganimizni sarhisob qilish bilan birga, oldimizda turgan buyuk vazifalarni ham chuqur anglashimiz lozim. Bugun biz barpo etayotgan ta’lim muassasalari, zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy markazlar, yangi avlod maktablari va oliygohlar — ertangi O‘zbekistonning intellektual poydevoridir. Ularning eng katta boyligi esa — yoshlar.
Agar biz yoshlarga sifatli ta’lim, mustahkam tarbiya, munosib muhit va o‘z iqtidorini namoyon etish uchun imkoniyat yarata olsak, ular mamlakatimizning bugungi yutuqlarini yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi. Shu bois yangi o‘quv yili ostonasida har bir ustoz o‘z oldiga bir savol qo‘yishi kerak: “Men bugun tarbiyalayotgan o‘quvchim yoki talabam ertaga Vatanga qanday naf keltiradi?” Ana shu savol bizga yo‘l ko‘rsatsa, ta’limdagi har bir dars, tarbiyadagi har bir suhbat, ustozning har bir so‘zi va shaxsiy namunasi o‘zining haqiqiy samarasini beradi.
Mustaqillik — bizga berilgan eng buyuk ne’mat. Uni asrash va mustahkamlash esa barchamizning vazifamiz. Bu vazifaning eng ishonchli kafolati — bilimli, ma’naviyatli, vatanparvar va fidoyi avlodni tarbiyalashdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi ming yillarga ulansin! Yangi o‘quv yili Vatanimiz ta’limi va ilm-fani uchun ulkan yutuqlar, yangi kashfiyotlar va ezgu natijalar yili bo‘lsin. Barchamiz yangi o‘quv yiliga yangi kuch-quvvat, yuksak shijoat, katta mas’uliyat va qalbimizda Vatanga bo‘lgan cheksiz mehr bilan qadam qo‘yaylik!
Zero, bugun sinf va auditoriyalarda tarbiyalayotgan avlodimiz — ertangi O‘zbekistonning qiyofasidir. Ularning bilimi, tarbiyasi va vatanparvarligi mamlakatimizning kelajakdagi taraqqiyot darajasini belgilaydi.
Bahodir Ma’murov,
Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,
professor.