Istiqlol adib va shoirlar ijodida
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan “Vatan uchun yashaylik!” respublika tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan “Vatan uchun yashaylik!” respublika tanlovi gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Shu munosabat bilan mazkur ijodiy tashkilotga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, maʼnaviyat targʻibotchilari, adabiyot fidoyilari, talaba-yoshlar taklif etildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimiz rivoji yoʻlidagi eʼtiborni har bir ijodkor oʻz faoliyatida yaqqol his etayotganini taʼkidladi.
Prezidentmizning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan tantanada soʻzlagan nutqida taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. Bu borada Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya barcha ijodkor ziyolilar uchun ham dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Qutlugʻ bayram arafasida mamlakatimizning bir guruh ijodkorlari Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan mukofotlandi. Endilikda yurtimiz yozuvchi va shoirlari ijod ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, izzat va hurmatni, eʼtirofni qalban his etgan holda yanada koʻproq masʼuliyat bilan faoliyat olib bormoqda. Zero, ulugʻ maqsadlar, yuksak marralarga faqat tinimsiz, ogʻir va fidokorona mehnat bilan erishiladi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bu yilgi bayram tantanalari “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatli boʻldi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yurtimizning turli goʻshalarida oddiy odamlar, adabiyot muxlislari bilan muloqotlar, ijodiy uchrashuvlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, ularda mamlakatimizda kechayotgan shiddatli islohotlarning mohiyati hayotiy misollar vositasida sodda va samimiy tarzda tushuntirildi.
Mazkur qarorga muvofiq, uyushma tomonidan eng ulugʻ va eng aziz ayyomga bagʻishlab “Vatan uchun yashaylik!” anʼanaviy respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Unga yurtimiz yozuvchi va shoirlarining istiqlolni, ona Oʻzbekistonni, mehnatsevar xalqimizni, tinch va osoyishta kunlarimizni, yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlarni tarannum etuvchi koʻplab asarlari taqdim etildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga koʻra, birinchi oʻringa shoir Omon Matjon “El birla boʻl” sheʼriy kitobi uchun munosib topildi. Ikkinchi oʻringa Abduqayum Yoʻldoshev “Osmon ogʻushi” qissalar va hikoyalar toʻplami, Nodir Jonuzoq “Soʻz” dostoni, Chorshaʼm Roʻziyev “Oshiqlik” gʻazallar toʻplami uchun munosib topildi.
Uchinchi oʻrin Sagʻinbay Ibragimovga qoraqalpoq tilidagi “Tanlangan asarlar” sheʼriy kitobi, Qozoqboy Yoʻldosh “Soʻz yolqini” va “Ochqichsoʻz” adabiy-tanqidiy maqolalar toʻplamlari, Oʻtkir Rahmatga “Yillar oralab” sheʼriy toʻplami uchun berildi.
Shuningdek, bir qator yozuvchi va shoirlarimiz tarixiy, badiiy, sheʼriy asarlari uchun ragʻbatlantiruvchi mukofotga, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy yorliqlariga loyiq topildilar.
– “El birla boʻl” toʻplamidan Vatanni, uning moʻtabar tuprogʻini, tariximizni, ulugʻ ajdodlarimizni tarannum etuvchi yangi sheʼrlar oʻrin olgan, – dedi shoir Omon Matjon. – Zero, jonajon Oʻzbekistonni, istiqlolni, jahon eʼtirof etgan buyuk allomalarimiz merosini, betakror tariximizni kuylash har bir qalamkashning burchidir.
– Har bir ijodkorning xalq ichiga kirib borishi uchun yoʻllar keng ochildi, – dedi shoir Oʻtkir Rahmat. – Yurtimizda ezgu tashabbuslar, gʻoyalar koʻp. Mamlakat shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Xalqimizning bunyodkorligi, ijod ahliga yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik, barcha jabhalarda kechayotgan ijobiy oʻzgarishlar, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida qaddini yanada koʻtarish yoʻlidagi saʼy-harakatlar yurt ravnaqiga, taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Bularning bari ijodkorlarni yanada samarali faoliyat koʻrsatishga undaydi.
Tadbirda tanlov gʻolib va sovrindorlari taqdirlandi. Soʻzga chiqqanlar milliy adabiyotimiz rivoji yoʻlidagi eʼtibor uchun samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Shu kuni Toshkent viloyatining soʻlim Qibray tumanidagi “Doʻrmon”yozuvchilar ijod uyida Vatanimiz mustaqilligiing 28 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.