Istiqbolli loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yangi ish o‘rinlari yaratish va tumanning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida xorijiy investorlar ishtirokida 5 ta yo‘nalishda 6 ta loyiha amalga oshirildi. Bu tashabbuslar hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar turi 8 dan oshdi, eksport geografiyasi kengaydi va 380 ga yaqin yoshlar bandligi ta’minlandi.
Tuman hokimligida investitsion loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Tuman hokimining o‘rinbosari Odiljon Jumabekov ishtirok etib, yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriqlar va ular ijrosi, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy hamkorlikda olib borilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, tumandagi "Otabek Odiljon biznes" MCHJ bilan hamkorlikda Yaponiyaning Aglis Co., Ltd. kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro yangi loyiha yo‘lga qo‘yilib, kivichilikni rivojlantirish borasida dastlabki kelishuvga erishilgan. Ushbu yetishtiriladigan mevalar nafaqat ichki bozorga, balki Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Eron va Germaniya kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Yaqinda Li Shyan Chin boshchiligidagi Xitoylik delegatsiya bilan manzarali daraxtlar va sarimsoqpiyoz yetishtirishga ixtisoslashgan yirik qishloq xo‘jaligi loyihasi bo‘yicha muzokara o‘tkazildi va ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu loyiha hisobiga 10 mln AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholining bandligini ta’minlashi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Yaponiya bilan qiymati 5 mln AQSH dollari bo‘lgan “Kivichilikni rivojlantirish”, Xitoy bilan 2 mln AQSH dollari miqdorida “Zamonaviy sug‘orish uskunalarini tashkil etish” va Afg‘oniston bilan 5 mln AQSH dollari qiymatidagi “Ko‘p qavatli uy-joylar qurish” loyihalari amalga oshirilmoqda. Angliya va Avstraliya bilan esa 380 mln AQSH dollari miqdoridagi “Chorvachilik klasteri” loyihasi bo‘yicha qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Anjuman yakunida OAV vakillari savollarga javolar olishdi hamda kelgusida hamkorlikni davom ettirirgan holda loyihalar haqida keng jamoatchilikka ochiq va tizimli axborot berishga kelishib oldilar.
Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 392 mln AQSH dollarini tashkil etadi va ular qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, suv ta’minoti va sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, uy-joy fondlarini yangilash hamda chorvachilik zanjirida qo‘shimcha qiymat yaratishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri