Istiqbolli loyihalar samarasi
Mamlakatimizda ishlab chiqarish subyektlariga berilayotgan imkoniyat va yaratilayotgan imtiyozlar ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish subyektlariga berilayotgan imkoniyat va yaratilayotgan imtiyozlar ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo, korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani mustahkamlash borasidagi ishlar o‘zining amaliy samaralarini berayotir.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 4-fevraldagi 2014-2016-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi qism va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Tarmoq va tarmoqlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda. Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlanayotgan korxonalarda xaridorgir, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilayotir. O‘tgan yili mahalliylashtirish dasturi doirasidagi 20 korxonada 43,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, natijada mazkur korxonalarga 2,1 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi.
Farg‘ona shahridagi “Bella plast”, Qo‘qon shahridagi “Atirgul”, Buvayda tumanidagi “Elinur”, Dang‘ara tumanidagi “Nika” korxonalarida dastur doirasida amalga oshirilgan istiqbolli loyihalar natijasida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Iqtisodiy samaradorlik yanada yaxshilanib, imtiyozlardan olingan mablag‘ zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishga sarf etilmoqda.
Toshloq tumanidagi “Sta-plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatda uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi korxonalardan biridir. Bu yerda plastmassadan tayyorlanayotgan qulay va sifatli buyumlar uy bekalarining og‘irini yengil qilibgina qolmasdan, mamlakatimiz sanoati salohiyatini namoyon etuvchi raqobatbardosh mahsulotlar sifatida barcha talablarga javob beradi.
– Ish boshlaganimizda bor-yo‘g‘i to‘rt-besh turdagi mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsak, hozir ularning turi yuzdan oshdi, – deydi jamiyat rahbari Sultonbek Sobirov. – Mahsulotlarimizga ichki va tashqi bozorda buyurtmachilar tobora ko‘paymoqda.
Jamiyatda o‘tgan yili to‘rt milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi. Qo‘shimcha ravishda plastmassa mahsulotlari uchun ishlatiladigan bo‘yoq mahsulotlari tayyorlaydigan yangi tarmoq ishga tushirildi. Natijada yana 60 nafar yigit-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
To‘liq mahalliy xomashyo asosida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar eksporti hajmi yildan-yilga ortmoqda.
Joriy yilda mahalliylashtirish dasturiga muvofiq viloyatda 12 loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu ichki bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.