Istiqbolli loyihalar – ishlab chiqarishga
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida mamlakatimiz Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan "Oziq-ovqat sanoati korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini takomillashtirish – oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim omili" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida mamlakatimiz Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tomonidan "Oziq-ovqat sanoati korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini takomillashtirish – oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim omili" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi raisining o‘rinbosari A.Qambarov va boshqalar sohaga qaratilayotgan e’tibor samarasida bugun mamlakatimiz aholisi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb 90 foizi yurtimizda ishlab chiqarilayotgani, O‘zbekistonda tayyorlangan mahsulotlar saksondan ortiq davlatga eksport qilinayotganini alohida ta’kidladi.
Uyushmada joriy yilning birinchi choragida 991,1 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,5 foiz o‘sishga erishildi. Yuzga yaqin yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Tizimdagi o‘n mingga yaqin korxonada joriy yil davomida o‘z mablag‘lari, bank kreditlari va xorijiy sarmoyalarni jalb qilgan holda bir ming qirqdan ortiq loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, Kitob, Asaka, Yangiqo‘rg‘on, Urgut, Bog‘ot tumanlarida meva-sabzavot konservalari, Parkent, Tayloq, Kogon, Zangiota tumanlarida qayta ishlangan go‘sht va sut mahsulotlari, Jizzax, Quva, Denov tumanlarida qandolat mahsulotlari, Jizzax shahri va Yakkabog‘ tumanida tez tayyorlanadigan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar hayotga tatbiq etiladi.
Uyushma tarkibidagi yog‘-moy, qandolat, meva-sabzavot, go‘sht va sutni qayta ishlovchi korxonalar mahalliylashtirilgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratmoqda.
– Yil davomida raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yana yigirmata loyiha amalga oshiriladi, – deydi uyushma boshqarma boshlig‘i A.Dalliyev. – Misol uchun, "Melaza Agro Tech", "Mir skazok", "Renesans Dizayn" kabi korxonalarda har xil karamellar, konfetlar, shokoladlar, "Fatin Lazzat maya"da presslangan non xamirturushi, "Marmaks"da baliq konservasi ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Meva-sabzavot mahsulotlari va uzumni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash doimiy e’tiborda. 62 korxonada ISO 9001 standarti bo‘yicha, 12 korxonada ISO 22000 standarti bo‘yicha menejment tizimlari sertifikatlashtirilgan. «Agromir Samarqand», «Master Global Plus» va «Green World» qo‘shma korxonalarida Shvetsiyaning «TETRA PAK» kompaniyasining asseptik qadoqlash liniyalari o‘rnatilgani yuqori sifatli, xalqaro standartlarga to‘liq javob beruvchi tabiiy meva-sabzavot sharbatlari va nektarlarni ishlab chiqarish, ularni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish imkonini kengaytirdi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.