Istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida ham yangi sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda. Natijada aholining bandlik darajasi, turmush farovonligi yanada yuksalib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida ham yangi sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda. Natijada aholining bandlik darajasi, turmush farovonligi yanada yuksalib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda.2013-yilda tumanda tibbiyot, sanoat va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘n yetti korxona ishga tushirilishi besh yuzga yaqin aholini ish bilan ta’minlash imkonini berdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 12-iyulda qabul qilingan 2013-2015-yillarda Toshkent viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturulamal bo‘layotir.
Tumanda mazkur hujjat ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida “Uz Germed pharm” O‘zbekiston-Germaniya, “Textile tehnology group” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonalari, “Metall invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati singari yettita ishlab chiqarish obyekti faoliyat boshladi.
“Ixtiyor qurilish fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatida keramik g‘isht ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bir million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya hisobiga faoliyat boshlagan ushbu korxonada 50 nafarga yaqin kishi mehnat qilayotir. Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlarning asosiy qismi ichki bozorga kiritilmoqda, ma’lum foizi eksport qilinmoqda.
– Kelgusida korxona faoliyatini yanada takomillashtirmoqchimiz, – deydi “Ixtiyor qurilish fayz” rahbari Azamat Sayfiyev. – Shunda yana o‘ttizga yaqin yangi ish o‘rni ochiladi, g‘isht ishlab chiqarish quvvati soatiga qariyb 35 ming donaga yetadi.
Tuman hokimligidan ma’lum qilishicha, Yuqori Chirchiqda 2013-2015-yillarda umumiy qiymati 66 million AQSh dollariga teng yigirma yetti loyiha amalga oshiriladi.