Istiqbolli loyiha samara bera boshladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanining «Hakim ota» mahalla fuqarolar yig‘ini hududining Qiziljar massivida joylashgan yaylovlarni yaxshilash va ularning unumdorligini oshirish, hudud aholisining chorvachiligini rivojlantirish maqsadida “Ajiniyoz yaylovlari“ ishlab chiqarish yaylov kooperativi tashkil qilindi.
Hozirgi kunda yaylovda kooperativ a’zolarining 648 bosh qoramoli, 2750 bosh qo‘y-echkisi, 95 bosh ot va tuyasi boqilmoqda. Shuningdek, ularni boqish uchun yaylov yaratish va muntazam yem-xashak bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Yaylovlarning unumdorligini oshirish va kooperativ faoliyatining barqarorligini ta’minlash maqsadida BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi va BMT Doiraviy konvensiyasining Moslashuv (Adaptatsion) jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasi tomonidan traktor, pritsep, lazerli yer tekislagich, press-podborchik, bir kecha kunduzda 500 kilogramm yashil o‘t ishlab chiqaruvchi gidroponik uskuna, 115 kvadrat metrlik issiqxona, 2 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratish uchun nihollar va quyosh energiyasi yordamida ishlovchi tomchilab sug‘orish tizimi hamda sug‘orish uchun mo‘ljallangan suv nasosi berildi.

bugungi kunda Nafisa Boyniyazova rahbarlik qilayotgan ishlab chiqarish yaylov kooperativining moddiy-texnik bazasi ancha yaxshilandi. Qo‘shma loyiha tomonidan berilgan yordamdan unumli foydalangan holda gidroponik uskuna yordamida yashil o‘t ishlab chiqarilmoqda. Ular beda, yantoq, qamish kabi o‘tlar bilan aralashtirilgan holda mollarga berilmoqda. Natijada 300 gektar yaylovga yoki 75 gektar sug‘oriladigan yerga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi. Joriy yilda bahorda 10 gektar maydonga tuproqni haydamasdan ekish texnologiyasida beda ekildi va yaxshi hosil olindi.
Loyiha doirasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan keng ko‘lamli himoya to‘qaylar yaratish ishlariga hissa qo‘shish maqsadida kooperativ 10 gektar maydonda saksovul ko‘chatini yetishtirdi. Ushbu ko‘chatlar dengizning tubida 2000 gektar maydonda saksovulzor yaratish uchun yetadi. Bundan tashqari, issiqxonada qovun, tarvuz, oshqovoq, bodring ko‘chatlari yetishtirilib, 13 gektar ochiq dalaga ekildi.
–Mutaxassislar tomonidan “Ajiniyoz yaylovlari“ ishlab chiqarish yaylov kooperativi ko‘chatxonasida va Orol dengizining qurigan tubida tuproqdagi namlikni o‘zida saqlash, o‘simlik ildizini namlik bilan ta’minlash uchun “UPL Limited“ xalqaro kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “ZEBA“ preparatini sinovdan o‘tkazish ishlari ham olib borildi, – deydi qo‘shma loyiha mutaxassisi Azat Tileo‘muratov. – Jumladan, saksovo‘l ko‘chatxonasida gektariga 10, 15, 20 kilogramm “ZEBA“ preparati ishlatildi. Natijada gektariga 10 kilogramm mazkur preparat ishlatilib, ijobiy natija berdi. Bunda 1 kvadrat maydonda 56 ta novda unib chiqdi va bo‘yi 56 santimetrni tashkil qildi.

Orol dengizining qurigan tubida har bir novda ildiziga 15, 20, 30, 35 gramm “ZEBA“ preparati berilib, sinov tajribasi ham o‘tkazildi. Natijada har bir novda ildiziga 35 gramm preparat qo‘llash eng samarali usul ekani ma’lum bo‘ldi. Bunda novdalarning unuvchangligi 80-90 foizni tashkil etdi.
Ta’kidlash joizki, bosh qarorgohi Mumbayda joylashgan “UPL Limited“ ekinlarni himoya qilish masulotlarini ishlab chiqaruvchi jahondagi eng yirik xalqaro kompaniya hisoblanadi. Ushbu kompaniya 10 yildan ziyod vaqt mobaynida mamlakatimizda o‘zining yuqori sifatli mahsulotlari, ilg‘or texnologiyalari, g‘oya va tajribalarini qishloq xo‘jaligida joriy etib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA