Istiqbolli hamkorlik o‘z samarasini beradi
Fransiya taraqqiyot agentligi Farg‘ona viloyatida ichimlik suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish ishlarini moliyalashtiradi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiya taraqqiyot agentligi(FTA)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Vinsent Kopin boshchiligidagi delegatsiya vakillarini qabul qildi.
Muloqot davomida Farg‘ona viloyati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida ichimlik va oqova suv (kanalizatsiya) sohasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, Quva va Oltiariq tumanlarida ichimlik suv ta’minoti tizimi rekonstruksiya qilinishi jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda ikki tomonlama kelishuvlarni aniqlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Qabul uchun minnatdorlik bildirgan Vinsent Kopin 2022 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga qilgan rasmiy tashrifi doirasida Parij shahrida Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) bosh direktori Remi Riu bilan o‘tkazilgan uchrashuvda turli sohalarda 2025 yilgacha strategik hamkorlik dasturi imzolangani muhim voqelik bo‘lganini qayd etdi. Viloyatga tashrif maqsadi esa Quva va Oltiariq tumanlaridagi ichimlik suv ta’minoti tizimi bilan tanishish, rekonstruksiya qilish ishlariga bosh bo‘lishlaridan mamnun ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuvda shu ikki hudud bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalarni aniqlashtirish va joriy yil may oyida agentlik bosh direktorining O‘zbekistonga tashrifi jarayonida loyihalarni imzolash masalasi ham ko‘rib chiqilishi aytib o‘tildi.
Viloyat rahbari agentlikning aholiga qulaylik yaratayotgan loyihalari uchun minnatdorlik bildirib, ichimlik suv masalasi bugungi kundagi dolzarb tarmoqlardan biriga aylanib borayotganligiga e’tibor qaratdi, agentlikning viloyatdagi loyihalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi va ko‘mak berilishini qayd etdi.
Ikki tomonlama “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, shu asosda ish olib borilishiga kelishib olindi.
M.Sulaymonov,
O‘zA