Iste’molga yaroqsiz mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling
Surxondaryo viloyatida aniqlanayotgan iste’molga yaroqsiz go‘sht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tegishli tartibda yo‘q qilinmoqda. Aholi orasida sanitariya epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda go‘sht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining bozor hududlarida sotilishida veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etilishini ta’minlash uchun viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi xodimlari, viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda oziq-ovqat bozorlari, savdo do‘konlari, karantin maskanlarida nazorat-reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Boysun tumani hududida o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlaridan birida buxorolik M.K boshqaruvidagi “Caddy Trendliny” rusumli avtotransport vositasida veterinariya-sanitariya talablariga zid hech qanday hujjatlarsiz olib kelingan 800 kilogramm, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi S.Xga tegishli “Damas” rusumli avtomashinada 600 kilogramm go‘sht mahsuloti qo‘lga tushgan edi. Mazkur mahsulotlar viloyat oziq-ovqat xavfsizligi va nazorati bo‘limi laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilganda iste’molga yaroqsiz ekani aniqlanib, tegishli chora ko‘rildi.

–Tadbirkorlik, savdo barakali, yaxshi kasb, – deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari, mayor Farhod Toshboyev. – Afsuski, u halol bo‘lgandagina ro‘zg‘orga qut-baraka keltiradi. Agar buning aksi bo‘lsa, vaqti kelib, xonadondagi bor barakani ham uchiradi. Bunga vohada oziq-ovqat mahsulotlari savdosida tashkil etilayotgan nazorat-reyd profilaktik tadbirlarida aniqlanayotgan holatlar ham yaqqol misoldir. Masalan, kuni-kecha o‘tkazilgan navbatdagi ana shunday tadbirlardan birida viloyatdagi bozor va boshqa savdo nuqtalarida yaroqsiz 164 kilogramm go‘sht, 36 litr sut mahsuloti, 240 dona tuxum, 36 kilogramm noma’lum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat mahsuloti aniqlanib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Amaldagi qonunchiligimiz asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima chorasi qo‘llanildi. Amaldagi qonunlarimiz ham, dinimiz ham halol ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Oilasi va farzandlariga ravo ko‘rgan mahsulotni boshqalarga ham sotishni tavsiya etadi. Biroq, o‘z nafsi yo‘lida nohalol tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, boshqalar hayotiga xavf tug‘diradigan harakatlarni sodir etgan kimsalar albatta qilmishiga yarasha jazo oladi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, JXX JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi xodimlari hamkor muassasa va idoralar mutaxassislari bilan joriy yilning o‘n oyida viloyatdagi dehqon bozorlarida 1 ming 512 marta, mol bozorlarda 822, boshqa savdo obektlari va yarmarkalarda 205, “Darband” yo‘l- patrul xizmati maskanida 305 marta reyd tadbirlari o‘tkazgan.

Tadbirlar chog‘ida 79 fuqaroga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qariyb 25 million so‘m jarima chorasi qo‘llanilgan. Sifati talabga javob bermaydigan iste’molga yaroqsiz 4 ming 340 kilogramm go‘sht, 476 kilogramm sut va sut mahsulotlari, 130 kilo baliq, 912 kilogramm noma’lum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat hamda 561 kilogramm boshqa mahsulotlar, 1 ming 214 dona tuxum belgilangan tartibda yo‘q qilingan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri