Iste’molchilar manfaatlari 109 holatda sudda himoya qilindi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Qashqadaryo viloyat hududiy birlashmasi va tuman (shahar) jamiyatlariga 2022 yil davomida iste’molchilardan jami 874 ta murojaat qabul qilingan. Murojaatlarning 290 tasi yozma, 487 tasi og‘zaki, 97 tasi elektron shaklda bo‘lib, ularning tegishli tartibda o‘rganib chiqilishi ta’minlangan.
– Xususan, murojaatlarning 357 tasi savdo, 174 tasi gaz, 99 tasi elektr energiyasi, 36 tasi suv ta’minoti, 29 tasi kommunal xizmat ko‘rsatish, 12 tasi sog‘liqni saqlash, 27 tasi xizmat ko‘rsatish (servis), 12 tasi transport xizmati, 17 tasi aloqa va internet, 111 tasi boshqa sohalarga oid, – deydi viloyat hududiy birlashma bosh mutaxassisi Bahrom Eshquvvatov. – Murojaatlar sohalar kesimida ko‘rib chiqilib, iste’molchilar manfaatlariga yetkazilgan jami 1 milliard 604 million 624 ming so‘m moddiy va ma’naviy zararlar qayta hisob-kitob qilinishi va undirib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, iste’molchilarning jamoat birlashmasi aralashuvi bilan joyida o‘z yechimini topmagan muammoli masalalar sud tartibida yechilishiga erishilgan. Jumladan, o‘tgan yil davomida 109 ta holatda iste’molchilarga yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, iste’molchilar manfaatlariga yetkazilgan 594 million 323 ming so‘m zarar sud qarorlari asosida undirililishi ta’minlangan.
O‘zA