O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda o‘tgan yil davomida iste’molchilardan boshqarmaga kelib tushgan murojaatlar va ularning ijrosi tahlil qilindi.
Hududiy boshqarmaga iste’molchilardan 2024 yilning 1 yanvariga qadar jami 1 ming 482 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 97 tasi yuridik shaxs va uning vakillari tomonidan, 1 ming 385 tasi jismoniy shaxslar tomonidan qilingan.
Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarning 890 tasi (60 foizi) ijobiy hal qilingan, 454 tasi (31 foizi)ga tegishli huquqiy tushuntirish berilgan hamda 89 tasi (6 foizi) tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yuborilgan bo‘lsa, qolgan 48 ta (3,3 foiz) murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu davr mobaynida murojaatlarning o‘rganilishi hamda o‘tkazilgan tahlillar natijasida 4 ming 63 iste’molchining huquqlari tiklangan va ularning foydasiga jami 1 milliard 597 million 810 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishilgan.

Xususan, iste’molchilarning murojaatlaridan kelib chiqib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyat hududida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tomonidan aholiga sotilayotgan avtobenzin mahsulotlarining sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri yetkazib berilishi yuzasidan 10 ta sinov o‘rganishi o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan sinov natijalari bo‘yicha jami 10 tadan 4 ta holatda viloyat hududlaridagi AYOQSHlarda sotilayotgan “AI-92” avtobenzin mahsulotining oktan sonini aniqlash jarayonida namunada fizik-ximik ko‘rsatkichlar bo‘yicha oktan sonining me’yoriy hujjatning standart talablariga mos kelmasligi, ya’ni oktan soni standart talablaridagi 92 o‘rniga haqiqatda 80,1 dan 88,3 gacha bo‘lgan ko‘rsatkichga ega ekanligi aniqlangan.

“O‘zenergoinspeksiya” Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida hududiy boshqarma tomonidan yuqoridagi 4 ta tadbirkorlik sub’ektida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabardor qilingan holda tekshiruv o‘tkazilgan va mazkur qonunbuzilish holati hamda iste’molchilarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 oktyabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda“FAIR TECH” yagona axborot tizimida alohida modul ishlab chiqilib, tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilindi va 2023 yilning 1 may kunidan ishga tushirilgan.

Bunda har bir iste’molchi tomonidan xarid qilingan onlayn kassa cheki programmada qayd etilib, referent narxdan oshiqcha olingan mablag‘lar avtomatik ravishda ariza sifatida kirim qilinadi va tegishli ravishda ijroga yo‘naltirilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, qo‘mitaning yagona axborot tizimi Fairtech.uzga dori vositalariga belgilangan ustamalarni oshirib qo‘llanilganligi yuzasidan 2023 yil davomida tizim orqali 9 ming 372 ta iste’molchidan murojaatlar kelib tushgan va ushbu murojaatlar o‘rganilganda jami 265 ta chakana savdo dorixonalari tomonidan huquqbuzarlik holati sodir etilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan 205 ta chakana savdo qiladigan dorixonaga ogohlantirish xatlari tarqatilgan va 10 ta dorixonaga nisbatan belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazilib, qonunbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilishi bo‘yicha sud organlariga yuborilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri